Lada Vesta modeli AVTOVAZ kompaniyasiga tegishli Lada Ijyevsk zavodida quriladi. Mashina shu kuzda sotuvga chiqariladi.
Ijyevskda Vesta’ning standart va “yo‘ltanlamas” versiyalari Vesta SW va Vesta SW Cross ishlab chiqariladi. “Yo‘ltanlamas” versiyasi kengaytirilgan klirens va plastik osma detallar borligi bilan farqlanadi. Universalni seriyali ishlab chiqarishga yuborishdan avval zavodda 79 ta yangi va modifikatsiyalangan kuzov detallarini shtampovkalash o‘zlashtirildi, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish sexlari modernizatsiya qilindi.
Mashinaning ikkala versiyasi ham minus 40 gradusdan plyus 55 gradusgacha haroratda termokamerada iqlim tadqiqotlari sikllaridan o‘tdi. Kompaniyada aytilishicha, tekshiruvlar “yangi konstruksiyaning xavfsizligi va ishonliligi yuqori ekanligini tasdiqladi”.
Mashina konstruksiyasiga 33 ta qo‘shimcha detal kiritilgan bo‘lib, ular kuzovning aylanishga mustahkamligini oshirishga va shu tariqa manyovrchanligi va vibro-akustik komfortini yaxshilashga imkon berdi.
Vesta SW va Vesta SW Cross mos ravishda 1,6 va 1,8 litrli, 106 va 122 ot kuchiga ega benzin motorlari bilan jihozlanadi. Uzatmalar qutisi 5 pog‘onali mexanik va robot ko‘rinishda. Mashinaning komplektatsiyasiga ko‘ra undagi uskunalar ro‘yxatiga orqa o‘rindiqlar isitilishi, markaziy konsolda USB-port, klimat-kontrol, peshoyna isitgichi, yomg‘ir va yorug‘lik datchiklari, kruiz-kontrol kirishi mumkin.
Mashinalar shu kuz sotuvga chiqariladi, biroq aniq sana va mashina narxi hali e'lon qilinmagan.