RM Sotheby’s auksion uyi Ferrari 365 GTB/4 Daytona Berlinetta Alloy by Scaglietti poyga mashinasini 1,8 mln yevroga sotdi. Auktsion sentabr boshida “Ferrari”ning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Leggenda e Passione tadbiri davomida Forano poyga trassasida o‘tgan.
Ushbu avtomobil “Daytona” poyga mashinasining umumiy yo‘llarda yurish uchun sertifikatlangan yagona nusxasidir. Mashina alyumin kuzovga, organik shishadan ishlangan chiroqlarga, elektr oynako‘targichlar va qora charm bilan qoplangan salonga ega. Mashina bor-yo‘g‘i 36,4 ming km yo‘l bosib o‘tgan.
Bunday mashinadan chidamlilik poygalari uchun 5 dona qurilgan, 365 GTB/4 modelining umumiy nusxalari esa 1200 mashinani tashkil qilgan. Sportkar 1969 yildan 1973 yilgacha ishlab chiqarilgan.
Shassi raqami 12653 bo‘lgan va Scaglietti atelesi dizayniga ega ushbu mashina 1969 yilda ishlab chiqarilgan. 1971 yilda esa bir necha qo‘ldan o‘tib, yaponiyalik diler Makoto Takai qo‘liga kelib tushgan. Takai esa “Daytona”ni garajida 40 yil saqlagan.