Citroen kompaniyasi Frankfurt avtosaloniga Rip Curl kompaniyasi bilan yaratilgan Spacetourer miniveni kontseptini olib keladi. Avtomobil tabiat qo‘yniga uzoq safarlarga mo‘ljallangan. Bu haqda fransuz kompaniyasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Miniven to‘liq privodli uzatmalar qutisi va orqa bloklovchi differensial bilan jihozlangan, bu esa avtomobilning qiyin yo‘llardagi yurish sifatlarini oshiradi.
Avtomobil jihozlari qatoriga uning tomiga o‘rnatiluvchi maxsus tent kirgan. Qizig‘i, avtomobil dush bilan jihozlangan. Unga suv yukxona eshigi ichiga o‘rnatilgan bakdan keladi. Kontsept-kar shuningdek yig‘iluvchi stolcha va gaz plitasi, rakovina va shkaflarga ega oshxona blokini olgan.
Bundan tashqari, jihozlar orasida buyumlar uchun suv o‘tkazmaydigan idish, meteostansiya, seyf, muzlatgich hamda serfing doskalari uchun mahkamlagichlar ko‘zda tutilgan. Minivenda 4 kishi joylashishi mumkin. Yig‘ilgan orqa o‘rindiqqa matras qo‘yish mumkin, bu yerda yana ikki kishi joylasha oladi. Yana bir joy tomda, suv o‘tkazmaydigan tent ostida bor.
Citroen kompaniyasi Spacetourer Rip Curl modelidan tashqari, Frankfurtga yangi avloddagi S3 Aircross krossoveri hamda Courreges modalar uyi bilan birgalikda yaratilgan E-Mehari elektr krossoverining maxsus versiyasini olib keladi.
Frankfurt avtosaloni Yevropadagi eng yirik motorshou bo‘lib, bu yili 14-24 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.