2017 yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Tijorat banklariga jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini sotib olishi uchun Markaziy bank tomonidan madad pullari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori chiqdi. Uni Markaziy bank raisi M.Nurmuratov imzolagan. Qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 16 avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Qarorga ko‘ra, tijorat banklariga jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini sotib olishi uchun Markaziy bank tomonidan madad pullari berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd chet el valyutasini sotib olish uchun tijorat banklari filiallarini yetarli miqdorda naqd so‘m bilan ta'minlash maqsadida Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari tijorat banklari filiallariga madad pullari beradi. Madad pullari Markaziy bankning HBB Hisob-kitob-kassa markazi aylanma kassasidagi naqd pullar hisobidan beriladi.
Ushbu madad pullari faqatgina tijorat banki filiallarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun ishlatiladi, boshqa maqsadlarga yo‘naltirish Markaziy bank HBBning tegishli farmoyishiga asosan amalga oshiriladi. Bank filiali rahbari, bosh buxgalteri va kassa mudiri Markaziy bankning HBBdan chet el valyutasini sotib olish uchun olingan madad pullarining butligini ta'minlash hamda maqsadli ishlatilishi bo‘yicha mas'ul hisoblanadi.
Bank (bank filiali) kassalaridagi mavjud naqd pullar keyingi kunda kutilayotgan to‘lovlarni hisobga olgan holda, naqd chet el valyutasini xarid qilish uchun yetarli bo‘lmagan hollarda, naqd chet el valyutasini xarid qilish uchun talab etiladigan naqd pullar summasiga madad puli so‘rab Markaziy bankning HBBlariga O‘zbekiston Respublikasida banklar tomonidan pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq buyurtma asosida murojaat qiladi. Bank (bank filiali) tomonidan so‘ralgan madad pullari Markaziy bankning HBB farmoyishiga asosan HKKM aylanma kassasidagi naqd pullar hisobidan inkassatsiya xizmati orqali beriladi.