YeIning Gurjistondagi elchisi yevrointegratsiyadan voz kechilganidan afsusda

Jahon 11:32 / 30.11.2024 1742

«O‘ylaymanki, bugun biz janob Kobaxidzening (Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze) Gurjistonning keyingi 4 yil ichida integratsiyalashuvidan manfaatdor emasligi haqidagi bayonotini eshitdik, bu juda achinarli», — dedi Yevropa Ittifoqining Gurjistondagi elchisi Pavel Gerchinskiy yangi hukumat rahbari Irakliy Kobaxidzening bir kun avval Tbilisidagi «Gurjiston orzusi» markaziy ofisda o‘tkazilgan brifingda bayonotini sharhlar ekan. Gerchinskiyning so‘zlarini 29 noyabr, juma kuni gurji va xalqaro OAV keltirgan.

«Men Yevropa Ittifoqi Gurjistonga eshiklarini ochganidan faxrlangandim, biz Gurjistonga YeI a’zoligiga nomzod davlat maqomini berdik va kechagi voqea Gurjistonning avvalgi hukumati, barcha oldingi hukumatlari siyosatiga aniq zid keladi. Gurjiston aholisining katta qismining xohish-istaklariga zid keladi», dedi Yevropa Ittifoqi elchisi.

Shu bilan birga, u Gurjiston mustaqil, suveren davlat ekanligini va «Yevropa integratsiyasi yo‘lidan borishni xohlamasligi Gurjistonning o‘ziga bog‘liq» ekanini ta’kidladi.

Yevroparlament Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Yevroparlament Gurjistondagi saylov natijalari gurji xalqi xohish-irodasini aks ettirmaydi deb hisoblaydi va ularni tan olmaslikka chaqiradi. Bu 28 noyabr kuni qabul qilingan «Yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Gurjistonda demokratiya inqirozining kuchayishi va saylovlarda soxtalashtirilgani haqidagi taxminlar» rezolyutsiyasida aytiladi. Uning qabul qilinishiga 444 deputat ovoz berdi, 72 deputat qarshi chiqdi, 82 deputat betaraf qoldi.

«Ovoz berishning qonuniyligi qonunbuzarliklar miqyosi bilan jiddiy ravishda buzilganligi sababli, xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini tan olmasligi kerak», deyiladi hujjatda «Shuning uchun Yevropa parlamenti parlament saylovlarining har qanday tan olinishini rad etadi va ularni bir yil ichida takroran adolatli va oshkora o‘tkazilishini ta’minlashga chaqiradi. Saylov jarayoni mustaqil va xolis bo‘lgan takomillashtirilgan saylov muhitida, xalqaro nazorat ostida o‘tishi kerak».

Ko‘proq yangiliklar: