Lotin alifbosidan kimlar qo‘rqadi?

Jamiyat 22:45 / 21.08.2017 20186

Lotin alifbosidan kimlar qo‘rqadi? Albatta, kelajak avlodni emas, o‘zini o‘ylaydiganlar, o‘z umrini uzun o‘lchaydiganlar. Umri, qiyinchiliksiz turmushi, osonroq bitadigan yumushlari oldida xalq kelajagini aziz hisob qilmaydiganlar.

Kimlar bugun shu yozuvda xat-savodi chiqqan va avvali 30 yoshga kirgan, (ertaga yo indinga butun fan, ilm olamini hali kirill yozuvida o‘z ilmiy yo boshqa asarlarini e'lon qila turib, yarim dunyoning amaldagi yozuvi uchun o‘n to‘qqiztagina belgisini bilib ololmay, ortga qaytamiz deb hayqirib yotgan «keksa avlod»ning o‘rnini egallaydigan) yosh avlodni, uning necha yillik umri, bilim-salohiyati va jahon sari shahdam borishdagi kunma-kun erishayotgan mislsiz yutuqlarini, butun bir mamlakatning kelajagini o‘ylamay, o‘z-o‘ziga qulay bo‘lishini ko‘zlaydi?

Yaxshiki, lotin yozuvidagi ko‘plab belgilar avvalgi biz yozaverib, moslashib ketgan yozuv belgilaridan keskin farq qilmaydi. 

Bugun ta'limning turli bo‘g‘inlarida bilim olayotgan yosh avlod lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi asosida savodi chiqib, endi buning natijasida dunyo minbaridan yangraydigan tillardagi ilmiy va badiiy adabiyotlar mutolaasida 30–40 yil oldingi odamlarimizdan ko‘ra ancha ilgarilab ketdi. 

O‘qituvchilik sohasidagi 25 yillik faoliyatimda teng nisbatda har ikki yozuvda ko‘p sonli o‘quvchilarning o‘qishi va yozishidagi qulaylik, noqulaylik, boshqa taraflarini solishtirib kuzatganman. 1996-2004 yildagi o‘quvchilarim orasida «yong‘oq» so‘zini «yong‘oq», «yaxshi» so‘zini «yaxshi» yozadigan o‘quvchilar uchrar edi. Ha, ular eshitgan tovushlarini to‘g‘ri yozadigan o‘quvchilar edi, deb hisoblayman. Qolganlar grafemalarni yodlagani uchun biz bilgandek yozishardi. Biroq kirill yozuvidagi ikki tovushni ifodalaydigan bu harflar «grafemasevar»lar o‘ylaganidek, qulay va juda to‘g‘ri emasdi. 

Masalan, «Ye» grafemasi «men», «teng» kabi so‘zlarda, ya'ni bo‘g‘in o‘rtasida kelsa, bitta «E» tovushini ifodalaydi, «yelka», «yengil» «poyezd» kabi so‘zlarda esa «YE» tovushlarini ifodalaydi. Bugun lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosidan kamchilik topadiganlar nega bu kabilarni ko‘rmaydilar, hayronmiz. Ha-da, yoshligingda o‘rganib ketgan qulay, yana o‘rganishni talab qilmaydigan, gazeta-jurnallar chiqyaptimi, kitoblar shu yozuvda nashr etilyaptimi, demak, bundan o‘zgasini hech kim tan olmaydigandek tuyulayotgan, xuddi yozuv shakli saqlanib qolsa, yomonmi? Bundaylar tasavvurida 100 yillik vaqt, go‘yo butun bir tarix. 

Kirill yozuvini yozishda to‘xtamlarning, ya'ni harflarning turli o‘rinlaridagi belgilari kamligi, balki ayrimlar uchun ma'qul tuyular. Lekin nima uchun shunday shiddatli zamonda biz xuddi uyqusirayotgan odamdek sodda, oson tomonga intilamiz? Nega bir oz mehnat qilishdan, agar alifbo yodlash va bu alifboda o‘z so‘zlaringni yozishni zahmat deb bo‘lsa, zahmat chekishdan qo‘rqamiz? 

Axir bugungi kun bolasi oxirgi rusumdagi murakkab telefonlarning behisob amallarini tezda o‘zlashtiryapti-ku? Kimdir deyotgan ekanki, ikki harf bilan bir tovushni ifodalash noqulay va zarur shaklni qo‘ya olmaslikdan yuzaga keldi. Biroq nega ingliz tilidagi so‘zlarning shakllari boshqa-yu, o‘qilishi boshqa bo‘lsa ham, millatimizning ko‘p sonli vakillari bu tilni o‘rganishga sa'y qilib, salkam ona tillaridek o‘rganadilar? 

Inglizlarning o‘zi-chi? Yozuvlaridagi ko‘pdan-ko‘p «kamchiliklar»ni ko‘rmayaptilarmi ekan? Xo‘sh, nima bo‘libdi, agar alifbomizda uchtagina tovush ikki harf bilan ifodalansa? Dunyoda alifbosidagi harflari soni biznikiga qaraganda ikki, uch, to‘rt baravar ko‘proq bo‘lgan xalqlar nega qiynaldik, deb dod solmayaptilar ekan. Internet tarmog‘idagi ba'zi maqolalarni o‘qib ajablanasan kishi. Avvalgi yozuvga qaytishni yoqlayotganlar, aslida, kun sayin o‘sib borayotgan farzandlar kamolini o‘ylashayotgan bo‘lsa, 30–35 yil o‘tib kirill yozuvida savodi chiqqan odamlarning deyarli barchasi o‘z o‘rnini lotin yozuvida o‘qigan va bugun tashkilotga ishga kelgach, majbur bo‘lib kirill yozuvida (xoh qo‘lda, xoh kompyuterda bo‘lsin) yozishni o‘rganayotgan keyingi avlodga bo‘shatib berishi aniqligini yaxshi bilsalar kerak.

Kitoblar kirill yozuvida chiqayotganini ro‘kach qilishdan ham ma'no yo‘q. Chunki yurtimizdagi ko‘plab nashriyotlar to‘xtovsiz ishlab turibdi. Balki yana o‘n yillar o‘tib, barcha kitoblar, gazetalar lotin yozuvida nashr etiladi. Chunki kirill yozuvining iste'molchilari ancha narilab ketgan bo‘ladilar. 

Eh, zamondosh, tengdosh avlod, axir biz emasmi, lotin yozuvining to‘la amalga kirishiga halaqit berayotgan? Bizlar birgina alifboni tez o‘rganib ola qolsak edi, XX asrning baxtli avlodi qo‘shyozuvning amalda ekanidan davlat qonunlariga nisbatan kam darajada bo‘lsa-da, ishonchsiz bo‘lmasmidi? 

Qadimda ota-bobolarimiz dunyodagi murakkab yozuvlardan biri sanalgan arab yozuvida savod chiqarganlar, tahsil olganlar, ijod qilganlar. Badiiy ijodda bu yozuvda betakror asarlar yaratilgan, hatto harf shakllari asosida chuqur idrok talab qiladigan badiiy san'atlardan foydalanib, go‘zal ifodalar yaratganlar. Biz ulug‘ ilm ahllarining vorislarimiz-ku? Bizga nima bo‘ldi? Nega ota-bobolarimiz dunyoning kitobini yozgani holda, biz boshqa xalqlar nima qilyapti ekan, qaysi xalq kirill yozuvida qolib to‘g‘ri qildi, demak, ularning dunyoqarashi biznikidan ko‘ra kengroq ekan-da, degan mulohazalarga borib o‘tirishimiz kerak?

Nega to‘g‘ri yo‘lda ekanimiz bilan, yozuvimizdagi yana boshqa barcha sohalardagi kamchiliklarni yo‘qotib, maqbul yo‘lni tanlashimiz va shiddat bilan olg‘a borishimiz bilan boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lishni ko‘zlamasligimiz kerak? Nega buyuklarimizga munosib bo‘lmasligimiz kerak? Anglab turibmizki, o‘zbek xalqi hozir ham dunyoga eng zabardast allomalarni berib turibdi. Bu fikrni atoqli siyosatchi, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov nomi bilan dalillash mumkin. 

Yana ajab fikrlarga doxil bo‘ldim: o‘zbek kishisi o‘z farzandini rus maktabda o‘qitishga intilayotir. Xo‘sh, nima bo‘libdi? Milliy maktabda rus tili va adabiyoti o‘qitiladi. Rus maktablarida davlat tili o‘qitiladi. O‘quvchi har ikki holda ham dunyoning ikki yozuvida o‘qish va yozishni o‘rganadi.

Mana bu ko‘chirmaga diqqatingizni qaratamiz:

Oddiy xalq ham ular (tilshunoslar)dan ijodkorroq ekanki, ijtimoiy tarmoqlarda «sh»ni «w» (dablyu) harfi bilan yozmoqda. Hatto ayrim kishilar sh (sh), ch (ch), g‘ (g‘), o‘ (o‘) harflari o‘rniga boshqa tillardagi ş, ç, ö, ğ singari harflardan foydalanilmoqda. Ammo kompyuterda ishlaydiganlar ularni yozish uchun ayni paytda qabul qilingan alifbomizda va binobarin klaviaturada bo‘lmagani bois, boshqa tillar klaviaturasidan foydalanishga majbur bo‘moqda.

Ajab, bu nima degani, «boshqa tillar klaviaturasi?» Tillarda klaviatura bo‘lar ekan-da. Bu yetti ming tilda yetti ming xil klaviatura degani. «Oddiy xalqning ijodkorligi» degani-chi? Ikki belgi yozib o‘tirgandan ko‘ra qo‘lidagi besh olti tugma ichidan shakli o‘xshagani uchun «sh»ning o‘rniga «w» ni ishlatishni bir dangasa odam rusum qilsa, shunga ijod qilish deb baho berishning o‘zini ham kashfiyot sanab o‘tirgandir muallif. Nima demoqchi bo‘ladilar? 

Tasavvur qiling, “sh” ni “w” tovushini ifodalovchi belgi bilan almashtirilsa...
Yangi alifboda tilimizdagi barcha tovushlarni ifodalaydigan harflar yetarli. Bu alifbo yetuk mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Ayrim mahmadonalarning omma oldiga chiqib o‘zini dono sanab sayrashini Gulxaniyning «Zarbulmasal» asaridagi duradgor ishini qoyillataman deb dumidan bir hissa qoldirgan maymunga o‘xshatsa bo‘ladi. Ha, omma oldida ularning yozganlarida kamida bitta bema'ni fikr qoladi. Uning to‘g‘ri fikr deya xayol qilib hamma uchun havola qilinishi esa borib turgan bema'nilikdir. 

Fikrimizcha, ommaviy nashrlarni tezlik bilan lotin yozuvida ishlashga o‘tkazish kerak. Alifbo islohini kutib o‘tirishdan ma'ni yo‘q. Kengashga solib qo‘yilsa, bir qarorga kelish hech bir vaziyatda oson bo‘lmagan. Ta'lim, ijtimoiy hayot esa davom etayotir-ku. Bir lahza bo‘lsa ham ertaroq islohot o‘tkazish, lotin yozuvining barcha jabhada amal qilishiga erishish, faol kishilarni zamon bilan, yoshlar bilan hamnafas bo‘lishlarini taqozo etadigan vaziyatni yuzaga keltirish kerak. Agar bir qarorga kelingani, isloh kiritilgani taqdirda ham biz hech narsa yo‘qotmaymiz. Qaytaga qotib qolgan omma jonlanadi, yangi yozuvni o‘rganib boradi.

Andersenning «Bulbul» ertagidagi yasama bulbulni haqiqiy bulbuldan afzal ko‘rgan saroy ahlining bir xil o‘ylagan fikri yodimizda: «Sun'iy bulbulning qanday kuy kuylashini oldindan bilsa bo‘ladi, haqiqiy bulbulning nima kuylashini esa, yo‘q». Saroy ahliga o‘xshab bir xillikka intilishimiz, rivoj topib borayotgan zamonga yeta olmay eskichasiga yozishni ma'qul ko‘rishimizni hech bir yaxshi so‘z bilan baholab bo‘lmaydi. 

Maqolani ham lotin yozuvida bitishni juda istagan edik, lekin millatimiz kelajagi uchun jon kuydiradigan, ziyoli, ilmli, qalb ko‘zi ochiq insonlar ichida ham bu yozuvdagi matnlarni o‘qiy olmaydigan va o‘z vatanining qonunlar bilan tasdiqlangan yozuvini o‘rganishni vatanparvarlik deb bilmaydigan, yozuvni o‘rganmaslikni vatan kelajagiga befarqlik, xalqqa hurmatsizlik, deb anglamaydigan ayrim odamlar o‘qimay qoldirishmasin, degan mulohazaga bordik. 

Yana ta'kidlaymiz, lotin yozuvining yagona yozuv sifatida amalga kira olmayotganiga biz — kirill yozuvida savodi chiqqan avlod, eng bosh aybdormiz. Kasbdoshlar, vatandoshlar, millat dardini chekayotgan azizlar, dunyoga yuz tutaylik, milliyligimizni qo‘ldan bermaylik. Muhimi, yurt ravnaqi uchun kurashaylik, lekin kelajak avlodga xalaqit bermaylik. 

Ma'mura Zohidova

Ko‘proq yangiliklar: