Yangi kupyura narx-navoga o‘z ta'sirini o‘tkazadimi?

Iqtisodiyot 22:20 / 17.08.2017 65208

Qiziq xalqmiz — kim nima desa ishonib ketaveramiz. Oramizda shunaqa «aqlli»lar borki ularning gapini eshitib kularingizni ham, yig‘laringizni ham bilmaysiz. Ularning o‘sha eshitganda na kulib va na yig‘lab bo‘lmaydigan gapini tagini surishtirsangiz uydagi xotinlardan eshitgan bo‘p chiqadilar.

Oxirgi paytlarda «qora bozor»da dollar kursining so‘mga nisbatan keskin oshishini kimlardir yaqinda yangi chiqqan 10.000 so‘mlik kupyurani chiqqaniga bog‘ladi. Aslida ham shundaymi?

Yoki ko‘pincha «falon so‘m qiymatidagi yangi kupyura chiqarmish» deb ovoza bo‘lgandan «heh, bekor chiqarishayapti-da shu pulni, endi narx-navolar oshib ketadi», degan gaplar urchib qoladi. Narx-navolarning oshib ketishiga yangi qiymatda chiqayotgan kupyura sabab bo‘ladimi? Yo‘q, aslo!

Chunki narx-navolarning oshishiga yangi kupyura emas, balki dollarning so‘mdagi qiymati oshib boraverishi sabab bo‘ladi. Dollar kursi oshib ketaverishiga esa mamlakatimizga kirib kelayotgan valyutadan chiqib ketayotgan dollarning ko‘pligi sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, ba'zi davlatlar o‘z eksport salohiyatini oshirish uchun dollarning o‘z milliy valyutalariga bo‘lgan qiymatini o‘zlari ongli ravishda ham oshirishadi. Bu iqtisod tilida «devalvatsiya» deyiladi. (Yangiliklarni kuzatib borsangiz oxirgi yillarda Xitoy shu usulni ko‘proq qo‘llamoqda.)

Ammo bizdagi holat devalvatsiya emas. Chunki devalvatsiya qilinganda kurs birdaniga keskin oshirilmay asta-sekinlik bilan oshiriladi. Bizdagi holat dollar taqchilligi yuzasidan kelib chiqayapti.

Uzoqqa bormaylik, avtosanoatimizni olaylik. Bundan uch-to‘rt yil oldin ishlab chiqarilgan mashinalarimizning 60-70 foizi eksportga chiqarilar edi. Bu eksport ortidan mamlakatimizga anchagina valyuta kirib kelardi. Hozir esa Rossiyadagi, Qozog‘istondagi, Ukrainadagi iqtisodiy inqirozlar bizning avtoeksport salohiyatimizni pasaytirib tashladi va bu ish mamlakatimizga kirib keladigan valyuta tushumining keskin kamayishiga sabab bo‘ldi.

Bizdagi valyuta taqchilligiga oid yana bir omil bu — iqtisodiy inqiroz tufayli bizdan Rossiyaga ishga boradigan mehnat muhojirlarining soni kamaydi. Rossiyadan pul olib kela olishiga ishonchi bo‘lmagan ko‘plab yurtdoshlarimiz endi uyoqqa ishga bormayaptilar. Borganlari ham uyga tuzuk-quruq pul jo‘nata olmayaptilar. Buning natijasida, mamlakatimizga kirib kelgan milliardlab dollarlarning cho‘g‘i kamaydi va bu ham bizdagi dollar taqchilligiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Yana bir sabab — ho‘l va quruq mevalarimizga, sabzavotlarimizga asosiy xaridorlar Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina edi. 2014 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelib chiqqan mojarolar alal-oqibat Ukraina iqtisodini batamom falajlab tashladi. Rossiya iqtisodiyoti esa turg‘unlashdi, Qozog‘istonning iqtisodiyoti esa Rossiyaga chambarchas bog‘liqligi sabab u ham pasaya boshladi va bularning hammasi yig‘ilib, bu davlatlarga qilayotgan eksportimizga ta'sir ko‘rsatdi. Ular endi oldingidan ancha kam mahsulot ola boshladilar. Bu ham kirib kelayotgan valyutaning salmog‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Mana shu uchta omil sababli bizda ham dollarning narxi hamon oshishda davom etmoqda. Dollar oshishi ortidan esa o‘zi yoki xomashyosi chet ellardan olib kelinadigan iste'mol tovarlarining narxi oshib bormoqda. Biz go‘llar va sodda laqmalar esa «xotinlarning gapi»ga ishonib, bularning hammasiga yangi chiqqan kupyuralarni sabab qilib ko‘rsatishmoqda.

Yoki yana bir shunga o‘xshash gap: hukumatimiz tomonidan oylik maoshlar ma'lum bir foizlarga oshirilsa ham kimlardandir yana o‘sha «oyliklar oshdi, endi narxlar oshishni boshlaydi», degan gapni eshitamiz.

Bu gap ham to‘g‘rimi?

Aslo yo‘q. Narxlarni oshishiga dollarning oshishi, dollarning oshishiga esa mamlakatimizga kiradigan dollardan chiqadigani ko‘p bo‘lishi sabab bo‘lishini yuqorida keltirdim. Agar valyuta taqchilligi kuzatilmasa va o‘sha taqchillik oqibatida narxlar oshmasa oylik maoshlar oshirilganda narxlar oshmaydi.

Masalan, 2010 yildan 2014 yilning oxirigacha besh yil mamlakatimiz uchun zo‘r rivojlanish yillari bo‘ldi. Valyuta tushumi ham zo‘r bo‘ldi. Eksport ham bir maromda oshib boraverdi. Dollarni kursi ham kichik o‘zgarishlarni aytmasa keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. Qora bozorda bir AQSh dollarining narxi mana shu besh yil davomida 2500–2700 so‘m atrofida bo‘lib turdi. Eng qizig‘i mana shu besh yilda har yili bir-ikki martalab oylik maoshlar 15-20 foizga oshirilib turdi. Ammo valyuta kursi barqaror turganligi tufayli narx-navolar jiddiy oshgani yo‘q.

Esimda 2010 yilda 4500–5500 so‘m turgan kungaboqar yog‘i 2014 yilning oxirida ham shu narxda edi. Yoki boshqa iste'mol tovarlari ham shunday narxi oshmasdan turdi. Agar har oylik maoshlar oshirilganda narxlar oshaverganda edi o‘sha o‘tgan besh yilda narxlar bunchalik barqaror turmasdi, oshib ketaverardi. To‘g‘ri, narxlarda: kichik o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo u o‘zgarishlar ahamiyat beradigan darajada bo‘lmagan.

2015 yilning boshidan valyuta taqchillashib, dollar kursining oshaverishi tufayli iste'mol bozoridagi narxlar osmonga chiqib ketdi va uni hech narsa to‘xtata olmay qoldi. Yuqorida misol qilganim bir litrlik kungaboqar yog‘i 4500–5500 so‘mdan 8500–10000 so‘mga chiqib ketdi.

Shunday ekan «oylik oshsa narx oshadi», degan gapda ham hech qanday asos yo‘q. Agar dollarning kursi barqaror tursa, oylik maoshlar oshirilsa ham iste'mol tovarlarning narxlari oshmaydi. Aksincha, valyuta taqchilligi yuzaga kelib, dollar kursi oshaversa oylik maoshlarni oshirmasa ham narxlar ko‘tarilaveradi.

G‘ayrat Yo‘ldoshev.

P.S. Mamlakatimizdagi xamma narsa: narx-navolarning oshish-tushishi bormi, aholining turmush darajasi bormi yoki firma va kompaniyalarning rivojlanib aholini yanada ko‘proq ish o‘rni bilan ta'minlashi bormi hamma-hammasi bu eksportga va ana shu eksport ortidan mamlakatimizga kirib keladigan valyutaga bog‘liq.

Shu uchun ham hukumatimiz ko‘proq e'tiborni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ko‘proq o‘zimizda ishlab chiqarishni va eksportga ko‘proq mahsulotlarni chiqarishni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga katta e'tibor berishayapti. Dollarning bunday keskin oshishi ham vaqtinchalik holat. Umid qilamiz yaqin kunlarda hammasi o‘z o‘rniga tushadi.

Ko‘proq yangiliklar: