O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki so‘nggi marta 2013 yilda 5000 so‘m qiymatidagi yangi banknot amaliyotda joriy etilishini ma'lum qilgan edi. Oradan 4 yil o‘tib, bir yilda 2 marta, ya'ni mart oyida 10 000, avgustda esa 50 000 so‘m qiymatidagi yangi banknotlar chiqarilmoqda. Bunga nima turtki bo‘ldi? Mazkur holat milliy valyutaning qadrsizlanishi yoki mustahkamlanishiga ta'sir etadimi? Bu mavzu yuzasidan Kun.uz jurnalisti ma'lumot to‘pladi.
Markaziy Bank yangi pul notasining chiqarilishiga quyidagicha izoh berdi:
«Milliy valyutaning 50000 so‘m qiymatdagi banknotini muomalaga kiritish mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘rtacha ish haqi miqdorining oshib borishi hamda aholiga ish haqi, pensiya va nafaqalarni to‘lashda, shuningdek naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirildi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, muomalaga yirik banknotlarning chiqarilishi iqtisodiyotdagi pul massasining o‘zgarishiga olib kelmaydi hamda inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi.
Shuningdek, mazkur amaliyot:
naqd puldagi hisob-kitoblarni ixchamlashtirish, naqd pulni tashish, yetkazish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar va noqulayliklarni kamaytirish;
bankomatlar orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi».
«Kun.uz» jurnalisti masalani kengroq o‘rganish maqsadida mustaqil ekspert Abdumalik Nosirov bilan bog‘landi.
«Milliy valyutaning yangi qiymatdagi banknotini amaliyotga kiritish inflyatsiya natijasida yuzaga kelgan emissiya holatidan qulay tarzda foydalanish, deb bilaman. Odatda Markaziy bank milliy valyutamizni naqd pul va elektron ko‘rinishda emissiya qiladi, ya'ni o‘zidan tashqariga pul muomalasi tashkil etish uchun pullarni chiqaradi.
Bizning iqtisodiy sharoitimizda yirik pul qiymati ko‘rinishdagi banknotlarning muomalaga chiqarilishi moliyaviy amaliyotlarni osonlashtiradi», deydi Abdumalik Nosirov.
Shuningdek, mustaqil ekspert Baxtishod Bahodirov bilan bog‘lanib, undan ushbu yangilik erkin konvertatsiyaga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda yuz bergani va aholida bu qanday kutib olinishi haqida so‘radik.
«Erkin konvertatsiyaga o‘tish davri men uchun iqtisodiyotda hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydigan shok holati. Aholining psixologik omilga ko‘ra qanday reaksiya bildirishini, albatta o‘rganib chiqish lozim.
Aslini olib qaraganda, 5000, 10000 va 50000talik pul qog‘ozlarni bosib chiqarish deyarli bir xil xarajatni talab qiladi. Mantiqan o‘ylab qaraganda, Markaziy Bank taqdim etgan sharh va izoh juda to‘g‘ri, chunki aholi talabidagi pul massasining miqdorini o‘zgartirmay yangi kattaroq qiymatdagi pul qog‘ozning bosib chiqarilishi qulayliklar paydo qiladi.
Ammo bunda inflyatsion kutish ko‘rsatkichi kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan inflyatsiya darajasiga ta'sir o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas».
Yana bir mustaqil ekspert Aleksandr Davletov esa «yirik kupyura o‘z-o‘zidan inflyatsion to‘lqin hosil qilmasligini» ta'kidlamoqda.
«50 ming so‘mlik kupyuraning muomalaga chiqarilishi, albatta, diletant odamlar umidi, kutuvi va psixologiyasidagi qisqa muddatli taassurotlarni hisobga olmasa, hech qanday iqtisodiy, moliyaviy yoki ijtimoiy to‘lqin yaratmaydi.
O‘qimishli dunyo muomaladagi yirik kupyura o‘z-o‘zidan inflyatsion to‘lqin hosil qilmasligini juda yaxshi tushunadi. Bizning odamlar ham va eng asosiysi, Markaziy bank rahbariyati ham nihoyat shuni asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da qabul qila boshladi. Xursand qiladigani yirik kupyuralarning muomalaga chiqarilishi va so‘mning erkin konvertirlanishi so‘mga shu kungacha unda mavjud bo‘lmagan jamg‘arish funksiyasini asta-sekinlik bilan qaytarishi mumkin. Ya'ni odamlar nihoyat so‘mda mablag‘ jamg‘arishlari mumkin.
Va yana bu omil ortidan tijorat banklari, savdo va pullik xizmat nuqtalari soatlab pul sanash bilan bog‘liq, iste'molchilar cho‘ntakda dastalab pul olib yurishga oid, inkassatsiya xizmatlari esa qoplab va kamazlarda pul tashish tashvishlaridan qutula boshlaydilar», degan u.
«Kun.uz» o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, respondentlarning 56 foizi bu holat «kutilmagan yangilik bo‘lganini hamda yangi pul qog‘ozini bosib chiqarilishidan hayron» ekanini bildirgan. Ularning 12 foizi yangi qiymatdagi pulni muomalaga kiritishning «sira vahimali joyi yo‘q» deb hisoblaydi, yana 12 foiz respondent 100,000talik so‘m qog‘oz pul tezroq muomalaga kirishini xohlamoqda.