Toshiba 8,8 milliard dollarlik zararni qayd etdi

Iqtisodiyot 23:08 / 10.08.2017 6167

31 mart kuni tugagan moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, Yaponiyaning Toshiba konserni 965,7 milliard iyen (8,8 milliard dollar)lik zarar ko‘rdi, deyiladi auditorlar tomonidan tekshirib chiqilgan hisobotda. Bu haqida "Interfaks" xabar berdi. 

Auditorlar moliyaviy ko‘rsatkichlarni tekshirishga ulgurmagani bois, hisobot taqdimoti bir necha marta ko‘chirilgan. Kompaniyaning dastlabki baholariga ko‘ra, uning kamomadi 950 milliard iyenni tashkil qilgan. 

Tahlilchilar Toshiba'ning o‘tgan moliyaviy yilgi zarari o‘rtacha 977,4 milliard iyenga yetgan, deya taxmin qilishayotgandi. Bunday sezilarli kamomad Amerikadagi Toshiba Westinghouse Electric Co. sho‘'ba korxonasining bankrot deb e'lon qilgani bilan bog‘liq. 

Toshiba joriy moliyaviy yilda 230 milliard iyenlik sof daromad va 40 milliard iyenlik operatsion foydaga erishishni ko‘zlamoqda. 

Kompaniya faoliyatini bir maromda ushlab turish uchun Toshiba o‘zining eng muvaffaqiyatli biznesi - xotira mikrosxemalarini ishlab chiqaruvchi bo‘limini sotishni rejalashtirmoqda. Unga sohaning qator "o‘yinchilar"i da'vogarlik qilmoqda, kompaniya uning sotuvidan taxminan 2,1 trillion iyen ishlab oladi. 

Bundan tashqari, yapon konserni IPO - Landis+Gyr aqlli hisoblagichlari ishlab chiqaruvchisi yordamida 161,7 milliard iyen jalb qilmoqchi. Toshiba kompaniyaning 60 foiziga egalik qiladi. Payshanba kungi sotuvlar davomida Toshiba aksiyalari 0,7 foizga qimmatlashdi. Kompaniya kapitalizatsiyasi yil boshidan 4,6 foizga - 1,19 trillion iyengacha oshdi. 

Ko‘proq yangiliklar: