Disney kompaniyasi Netflix bilan hamkorlikni to‘xtatadi

Fan-texnika 13:59 / 09.08.2017 4250

Amerikaning Disney kinokompaniyasi Netflix striming platformasidan o‘z filmlarini olib, shaxsiy platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqida The Walt Disney'ning ijrochi direktori Robert Aygerning bergan ma'lumotiga asoslanib, CNBC telekanali xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn-platforma 2019 yilda AQShda ishga tushadi, keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham o‘tiladi. Aygerning ta'kidlashicha, kompaniyaning Netflix bilan aloqalari yaxshi, shunday bo‘lsa-da, u imkoniyatdan foydalanib bu servisdan o‘z kontentini olishga qaror qildi. Kinokompaniya direktori Netflix'dan  Disney filmlari yo‘qolishini aytdi, shu jumladan Pixar studiyasida olingan filmlar ham. Netflix'ning ma'lum qilishicha, 2018 yilning oxiriga qadar servisda Disney filmlarini ko‘rish mumkin. Undan keyin esa platformada Marvel'ning seriallarigina qoladi. 

Aygerning aytishicha, platforma ishga tushishi bilan unda Disney'ning yangi filmlari taqdim etiladi. 2019 yilda kinoteatrlarda premerasi kutilayotgan "O‘yinchoqlar tarixi-4", "Muzlagan qalb-2", shuningdek "Qirol Sher" yangi badiiy filmi platformaning ilk filmlari bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Disney 2018 yilning boshida ESPN sport telekanali strimingini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Unda yiliga 10 ming sport tadbiri translyatsiya qilinadi. Shuningdek Disney o‘zining texnologik qudratini oshirish uchun 1,58 milliard dollarga BAM Tech kompaniyasining nazorat aksiyalarini xarid qilishi kutilmoqda. 2016 yilning avgustida Disney bu kompaniyaning 33 foizini sotib olgan. 

Ko‘proq yangiliklar: