AQShning NASA koinot agentligiga planetar himoya bo‘yicha zobit kerak bo‘lib qolgani sababli ushbu vakansiya chop etilgach, unga 9 yoshli maktab o‘quvchisi Jyek Devis javob bergan. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
"Hurmatli NASA, mening ismim Jyek Devis va men planetar himoyachi mutaxassisligi lavozimiga ariza bermoqchiman. Men 9 yoshda bo‘lishimga qaramay, bu ishga to‘g‘ri kelaman. Bunga sabablardan biri – mening opam meni o‘zga sayyoralik deydi. Men hali yoshman, shu sababli men o‘zga sayyoralik kabi o‘ylashni o‘rganib olishim mumkin", deb yozgan 4-sinf o‘quvchisi.
E'tiborlisi, bolakayni NASA koinot hududidini tadqiq qilish bo‘yicha boshqariluvchi va boshqarilmaydigan ekspeditsiyalar davomida biologik va organik zararlanishning oldini olish sohasidagi mutaxassisga to‘lamoqchi bo‘lgan maosh miqdori qiziqtirmagan. Vaholanki, ushbu lavozim uchun to‘lanadigan maosh anchaginani – yiliga 124,4 ming dollardan 187 ming dollargachani tashkil qiladi.
NASA’ning planetar fanlar departamenti direktori Devid Grin bolaning maktubiga darhol javob bergan va uni albatta ishga olishga va'da bergan. Biroq u "o‘zga sayyoralik" bolakayga bir shart qo‘ydi – yaxshi bilim olib, shundan keyingina boshqarmaga kelishni aytgan.