Ilon Mask o‘zining Hyperloop tizimini qurmoqchi

Fan-texnika 09:03 / 05.08.2017 8508

Hyperloop tezyurar transport g‘oyasini taklif qilgan Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari Ilon Mask bu tizimning o‘z variantini qurishga qaror qildi. Bu haqda tadbirkorga yaqin bo‘lgan manbaga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda. Hyperloop’ning o‘z variantlarini Mask kompaniyasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan ikki kompaniya yaratmoqda. 

Ma'lum qilinishicha, Mask o‘zining Boring Company kompaniyasi yordamida nafaqat tunnellar burg‘ilamoqchi, balki Hyperloop tizimini qurmoqchi. Maskning SpaceX kompaniyasiga Hyperloop savdo markasiga huquqlar tegishli bo‘lib, undan boshqa kompaniyalarga qarshi nom uchun bahslarda foydalanish mumkin.

2017 yil iyulida Mask AQSh hukumatining Hyperloop yer osti tizimini yaratishga "og‘zaki tasdig‘ini" olganini ma'lum qilgandi. Bu yer osti tizimi Nyu-Yorkdan Vashingtonga yo‘lni 29 daqiqada bosib o‘tishga imkon beradi. Biroq mahalliy hukumat Maskning bu so‘zlarini shubha ostiga olgan.

Mask Hyperloop g‘oyasini 2013 yilda ma'lum qilgan va buni tadbirkorlarni bu loyihani muhokama qilish va amalga oshirishga jalb qilish istagi bilan tushuntirgan. O‘shanda u bunday tizimni yaratishga vaqtini ketkazmasligini, chunki barcha e'tiborini SpaceX va Tesla’ga qaratmoqchiligini aytgan. 

2016 yil oxirida Mask tunnellar burg‘ilash va bu jarayonni tezlashtirish usullari bilan shug‘ullanuvchi The Boring Company kompaniyasini yaratishini e'lon qilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu tunnellarda tirbandliklarni tez yengib o‘tish uchun avtomobillarni aravachalarda tashuvchi tizim paydo bo‘ladi.

Hyperloop tizimi yuk va odamlarni qisman vakuumga ega quvurlarda joylashgan kapsulalar yordamida tashishni ko‘zda tutadi. Bu nazariy jihatdan soatiga 1200 km tezlik bilan harakatlanishga imkon beradi.

Hozir bunday tizimni yaratish bilan Hyperloop Transportation Technologies va Hyperloop One shug‘ullanmoqda. Hyperloop One’ga rossiyalik tadbirkor Ziyovudin Magomedov sarmoya kiritgan. Yaqinda bu tizim sinovi vaqtida kapsulani soatiga 310 km gacha tezlashtirishga erishildi.

Mask kompaniyasi Hyperloop’ning o‘z versiyasini yaratmoqchi ekanligini tasdiqladi.

"Biz boshqa kompaniyalar muayyan taraqqiyotga erishganidan xursandmiz, biroq biz yaqin orada bu loyihani tezlashtirishni istaymiz. Biz Hyperloop’ning o‘z versiyalarini yaratayotgan boshqa tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz va ular buni halol amalga oshirgunlariga qadar ularga bizga tegishli nomdan foydalanishni taqiqlamoqchi emasmiz", deb aytilgan kompaniyada.

Ko‘proq yangiliklar: