Almazbek Atamboyev yillik matbuot anjumanida O‘zbekiston haqida nimalar dedi?

Jahon 00:39 / 27.07.2017 77221

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev an'anaviy yozgi matbuot anjumanida bu yil ham qatnashib, jurnalistlar savollariga javob berdi. 3 soat davom etgan matbuot anjumanida Qirg‘iz Respublikasi prezidenti O‘zbekiston bilan bog‘liq qiziq voqeani tilga olgan.

«Demokratlar hokimiyat tepasida bo‘lgan chog‘da AQSh Davlat departamenti tomonidan yurgizilgan siyosatga hech bir ko‘nglim isimagan. Ularning harbiy bazasini chiqarib yuborganimizda menga ba'zi davlatlar Amerika bazalari raketa nishoni ostida ekanligini agar ular uchirilsa bizning odamlarimiz jabr tortishini aytib o‘tishgan edi. O‘zingiz bilasiz, ularning Eron bilan o‘zaro muammolari bor edi.

2014 yilda marhum Islom Abdug‘aniyevich mintaqada suv tufayli urushlar ham kelib chiqishi mumkinligini gapirgani yodingizdadir? O‘sha yilning oxiriga kelib O‘zbekistonga AQSh tomonidan har birining qiymati ikki million dollarga yaqin bo‘lgan 328 ta zirhlangan mashinalar topshirildi. Mana demokratiyaning qadri, demokratlarning lafzi qanday bo‘lishini bilib qo‘yinglar. O‘shanda men ularga: «Agar sizlar demokratiya tarafdori ekansizlar, nega u mashinalarni bizga bermadingiz?» deya savol bilan murojaat qilgan edim», — degan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev matbuot anjumanida.

Atamboyev Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki loyihaga ko‘ra Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li to‘g‘ri Torugartdan Jalolobodgacha o‘tishi kerak bo‘lgan.

«Bu bizning loyiha emas. U yerda birorta bekat ko‘zda tutilmagan. Bu bizga kerak emas. XXR raisi Si Jinping bilan so‘nggi uchrashuvimizda tubdan burilish haqida gaplashdik. Bizga faqat yo‘l qurilishi kerakligi uchun yo‘l kerak emas, mayli u qimmatroq bo‘lsin, lekin keyinchalik u bizniki bo‘lib qolishi kerak. Birinchi kelishuv Asqar Akayev vaqtida imzolangan — iqtisodiyotga fizikning ko‘zlari bilan qaralgan, holbuki iqtisodchining nazari bilan boqish kerak bo‘lganida», — degan Atamboyev.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki loyihaga ko‘ra O‘zbekistondan Xitoyga boruvchi temir yo‘l Qirg‘izistonning janubiy hududlari orqali chamasi 200 km masofadagi chegaralarni bog‘lashi kerak bo‘lgan. Lekin Qirg‘iziston ushbu temir yo‘lning mamlakat poytaxti Bishkek orqali o‘tishini, loyiha deyarli 500 km masofagacha uzaytirilishi talab qilib keladi.

Matbuot anjumani davomida Qirg‘iz Respublikasi prezidenti shu kuni 60 yoshini nishonlayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ommaviy axborot vositalari orqali tabrik yo‘llagan.

Ko‘proq yangiliklar: