«Dubayda galereya ochdim» . Samarqandlik ayol Amirliklardagi art-biznes haqida

Fan-texnika 15:15 / 11.07.2017 19760

Natalya Andakulova – asli samarqandlik, Dubaydagi shaxsiy art-galereya sohibasi Kommersant.uz’ga BAAdagi san'at bozori va Amirliklarda biznes yuritishning jihatlari haqida so‘zlab berdi.

Andakulova Gallery BAA aholisi va mehmonlarini Markaziy Osiyo san'ati bilan tanishishga undaydi. Bu O‘rta Sharqdagi mana shunday konsepsiyaga ega yagona galereyadir. Natalya galereyani 2012 yilda tashkil etgan va o‘tgan besh yil ichida bu sohada dovrug‘ qozonishga muvaffaq bo‘ldi: Andakulova Gallery vernisajlari va madaniy tadbirlariga san'at ixlosmandlari katta qiziqish bildiradilar, ularni Wall Street Journal, Financial Times, The National kabi nashrlar yoritadilar.

Natalya Andakulova Samarqand me'moriy yodgorliklari qurshovida katta bo‘ldi. Qadimiy shahar obidalari, ulardagi nashqlar, xatotlik namunalari yosh qiz qalbida san'atga nisbatan muhabbat uyg‘otdi. Navoiy davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida o‘qishi davomida Natalya tasviriy san'atdan saboqlar oldi, ko‘rgazmalar, musavirlar ustaxonalariga ko‘p qatnadi. Aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish san'atga bo‘lgan ishtiyoq bilan uyg‘unlashib ketdi va… san'at baribir ustun keldi: “Informatika” yo‘nalishida magistraturani yakunlab, Natalya Londonga yo‘l oldi, u yerdagi Christie’s Education – mashhur kim oshdi uyi qoshidagi ta'lim muassasasining “Art-biznes” kursida ishtirok etdi. San'at tarixi, art-biznes va zamonaviy san'at sohalari bilimdonlarini yetishtiruvchi bu muassasa filiallari Nyu-York, Hongkong, Dubay va boshqa yirik shaharlarda ham mavjud.

Bugungi kunda Natalya galereyaga rahbarlik qilishni (bu tinimsiz safarlar, monitoring, muzokaralarni qamrab oladi) I.Ye. Repin nomidagi Peterburg davlat rassomchilik, haykaltaroshlik va me'morchilik akademik institutining “San'at tarixi va nazariyoti” fakultetida sirtqi o‘qish bilan uyg‘unlikda olib bormoqda.

Nega Dubay?

– Galereya ochish g‘oyasi qanday tug‘ilgan?

– Galereya – bu mening ilk va, hozircha, yagona ish joyim. Asosiy g‘oya O‘rta Sharq san'at ixlosmandlarini Markaziy Osiyo musavvirlari bilan tanishtirish istagi bo‘lgan. Bizda ko‘plab ist'yedodli rassomlar bor, ularning ijodlariga bu mintaqada ham qiziqish katta bo‘lib chiqdi. O‘zbekistonda o‘ziga xos milliy tasviriy san'at mavjud: bu kuchli maktab va tabiatimiz hamda boy tariximizga asoslangan, ranglarga ajoyib yondashuvning uyg‘unligidir. Dubayda ibn Sino, Xorazmiy, Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur kabi ajdodlarimizni yaxshi biladilar. Lekin men va mening galereyam uchun zamonaviy san'atni namoyish etim muhim.

Bugungi kunda BAA art-bozori va madaniy hayoti jo‘shqin rivojlanmoqda, mintaqa zamonaviy madaniy hayotning uzviy qismiga aylanib, san'at sohasidagi ko‘plab qiziqarli voqealar markazi bo‘lmoqda. 10 yil oldin Dubayda atigi o‘nta galereya bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni yuzga yaqinlashib qoldi. Keyingi yillarda muzey majmualari keng ko‘lamda qurila boshlandi. Yaqinda Abu Dabida fransuz Luvri va Amerikadagi Solomon Guggenxaymning Zamonaviy san'atlar muzeyi filiallari paydo bo‘ladi. Fors ko‘rfasi mamlakatlari biznes-elitasi va hukmron doiralari san'at asarlariga katta mablag‘lar tikishmoqda, kolleksiyalar to‘plashga juda qiziqadilar. Zamonaviy san'at trendga aylanmoqda. Men kichik tadqiqot o‘tkazdim va bu yerda Markaziy Osiyo san'atini taqdim etuvchi birorta galereya yo‘qligini aniqladim. Shu sababli, ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga qaror qildim.

Andakulova Galleryda uch darajadagi musavvirlar asarlari taqdim etilgan.

Birinchi daraja – Griffe – umumjahon e'tirofini qozongan rassomlar. Ularning asarlari muzeylardan, qirollik oilalari va mashhur insonlar shaxsiy kolleksiyalaridan joy olgan.

Ikkinchi daraja – Pure Luxury – galereya mezonlariga javob bera oluvchi rassomlar.

Uchinchi toifa – istiqboli porloq yosh san'atkorlar, ularga galereya o‘zlarini kashf etishga, fikr-mulohazalarni o‘rganishga, o‘z ijodiy salohiyatlarini yuzaga chiqarishga yordam beradi.

Galereyada taqdim etilgan barcha rassomlar o‘lkamiz bilan bog‘liq. Turli hamkorlikdagi ishlar ham uchraydi, lekin ular ham, u yoki bu jihatdan, Markaziy Osiyo bilan bog‘langan.

BAAda biznes va san'at

– Dubayda o‘z ishini ochish va yuritish qanchalik murakkab?

– Biznes ochish qiyin emas, uni yuritish – bu butunlay boshqa masala. Eng yaxshisi – Erkin iqtisodiy zonada litsenziya olish. Murakkabliklar asosan moliyalashtirish manbalarini izlash bosqichida yuzaga keldi. Xodimlar asosan ekspatlardan iborat, shu sababli ularning maoshlari turar joy ijarasini ham qoplashi kerak – bu xol joriy xarajatlarning ortishiga olib keladi.

Galereyada ma'ruzalar, mahorat saboqlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi, bu qo‘shimcha daromad ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, moliyaviy kompaniyalar vaqti-vaqti bilan homiylik yordamini ko‘rsatib turadilar.

– Dubay hayotiga moslashish qiyin kechmadimi? Qanday afzalliklar va yashirin to‘g‘anoqlar bor?

– Moslashishda eng muhim jihat ingliz tilini bilish, ma'lumotga ega bo‘lish va, albatta, o‘z maqsadlariga erishishda qat'iyat ko‘rsatishdir. Afzal jihati – barcha to‘lovlar, litsenziyani yangilash, hujjatlarni ro‘yxatga olish onlayn-rejimda amalga oshiriladi. Kamchiliklar ham bor – ijara haqi juda yuqori, holbuki ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlar odatda juda past bo‘ladi.

– BAAda biznes yuritishning qanday o‘ziga xos jihatlari bor? Bizdagi ish yuritishdan katta farq bormi?

– Biznes yuritish asoslari bir xil. Punktuallik, aniqlik, kamolotga intilish har qanday o‘lkada qadrlanadi.

– Galereyangizdagi eng qimmat eksponat qancha turadi?

– Rasmlarimiz narxlari maqbul darajada, bu ularni investitsiya uchun jozibali qiladi. O‘zbekistondagi biznesmenlarga maslahatim – san'at kolleksiyalarini to‘plashni boshlang. Bugun bu unchalik qimmat turmaydi. To‘g‘ri, buning uchun musavvirlar to‘g‘risida axborot to‘plash, ustaxonalarga qatnash kerak, bu esa ancha vaqt talab qiladi. Lekin buning o‘zgacha gashti ham bor. Suhbat uchun mavzu sizda doim topiladi. Masalan, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida faqat ikkita mavzu muhokama etiladi: pullar va san'at.

Tasviriy san'at kolleksiyalarini to‘plash uyingiz va ofisingizda ko‘zingizni quvontiribgina qolmay, ziyoli ekanligingizni keng madaniy dunyoqarashga ega ekaningizni namoyon etadi. Yana bu yaxshigina investitsiya hamdir.

Ko‘pchilik san'atda hech narsa tushunmasliklarini aytadilar. Bu tabiiy. San'atshunoslar, art-ekspertlar bor, ular to‘g‘ri tanlovda yoki butun boshli kolleksiyani shakllantirishda yordam beradilar. Mashhur amerikalik bankir va filantrop Devid Rokfeller Mark Rotko qalamiga mansub rasmni Nyu-Yorkdagi savdolarda rekord summaga – 72,8 mln dollarga sotadi. O‘z esa, bu asarni Zamonaviy san'at muzeyi mutaxassisi Doroti Miller tavsiyasiga ko‘ra 10 ming dollarga xarid qilgandi. Qariyb yetti fut (taxminan ikki metr)li bu rasm uning ish xonasida 1960 yildan buyon osig‘liq turgan.

– Dubay va Toshkentdagi san'at olami xususiyatlarini qiyosiy ta'riflab bera olasizmi?

– Dubayda ko‘plab xususiy galereyalar mavjud, ular butun dunyodagi mutlaqo turli-tuman musavvirlarning asarlarini namoyish etadilar, targ‘ib etadilar. Bunday keng ko‘lamdagi faoliyat tufayli art-ekspertlar va san'at ixlosmandlari didlari, qiziqishlarini ko‘proq bilsa bo‘ladi.

Toshkentda esa art-rahbarlar bilan hamkorlikda ko‘proq eksperimental ko‘rgazmalar tashkil etilishini, ularda dolzarb masalalar ko‘tarilishi va yangi texnologiyalar qo‘llanilishini istardim. Hozirda ular juda kamayib ketdi.

2005 yilda “Konstellyatsiya” nomi ostida kontseptual san'at bo‘yicha ilk ko‘rgazmalardan biri yodda qolgan. U eski sanoat korxonasining bo‘shab yotgan sexlari binosida o‘tkazilgandi. “Art-konversiya”ning g‘ayritabiiy tajribasi ijod ahli, ayniqsa yosh avlod musavvirlariga katta turtki berdi. Shunga o‘xshash tadbirlarni davom ettirish va rivojlantirish kerak.

O‘zbekiston art-bozori kelajagi

– O‘zbekistonda san'at bozori holati va istiqbolini qanday baholaysiz? Bozorni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?

– Hali aytganimdek, kolleksiyalar yaratish madaniyatini tatbiq etish kerak. Shuningdek, fikrimcha, homiylik masalasi ham muhim – sahovatpeshalar huquqiy maqomini belgilovchi va ularga soliq imtiyozlarini ko‘zda tutuvchi qonun kerak. Butun Yevropada shunday qonun amal qiladi, yaqinda Rossiyada ham qabul qilindi.

O‘zbekiston xalqaro art-yarmarkalar, biyennale, musavvirlar uchun tajriba almashish tadbirlari o‘tkazishi, malakali xodimlarga ega xususiy galereyalar tashkil etishi kerak. Tanlovlar tashkil etish, yirik kompaniyalar, banklardan buyurtmalar tushishi shaxsiy kolleksiyalar tashkil etishga yordam beradi. Mana shu jihatlarning mavjudligi, pirovardida, art-bozor tashkil topishiga yordam beradi.

– O‘zbekistonda qanday loyihalarni amalga oshirdingiz?

– 2016 yil oktabr oyida Andakulova Gallery O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ko‘rgazmalar zalining uchta maydonida o‘tgan ko‘rgazma uchun kontseptual san'at loyihalarini tayyorlashni qo‘llab-quvvatladi. Ekspozitsiyaga Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi, MDH, Markaziy Osiyodagi 40 ta mamlakat musavvirlari asarlari qabul qilindi. Saralab olingan installyatsiyalar, video-art va perfomanslar biz uchun odatiy bo‘lgan moy-bo‘yoq bilan emas, balki turli materiallar – rezina, sopol, shishadan yaratilgandi.

2016 yil 17 noyabrda O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochilishi bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligi shafeligi ostida tashkil etilgan “O‘zbekiston fotokamera prizmasi orqali: chizgilar va talqinlar” nomli fotoloyiha bo‘ldi.

– O‘zbekistonda ham galereya ochish niyatingiz bormi?

– Albatta, Toshkentda galereya ochsam, deyman. Bu borada ishlarni boshlab yuborganmiz, hammasi moliyalashtirishga taqalib turibdi.

– San'atga munosabatingiz. U siz uchun qanday ahamiyatga ega?

– San'at hayotimda katta o‘rin egallaydi. Biroq galerist (ya'ni, san'at sohasidagi ekspert) uchun san'atni seviining o‘zi kifoya emas, eng yaxshi san'at namunalarini targ‘ib etish bilan jiddiy shug‘ullanish lozim, zero ular orqali madaniyat, meros, dunyoqarash tanitiladi.

– Voqealarga kelsak – yaqin kelajakda nimalarni kutsak bo‘ladi?

– Hozirda mashhur rassom, akademik Bahodir Jalolovning 70 yoshlik yubileyiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga tayyorlanmoqdamiz. Shuningdek, Skira nashriyot uyi bilan birgalikda u haqdagi monografiyani tayyorlayapmiz. Bu – san'at haqidagi kitoblarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyot uyi sanaladi. Biz uchun bu katta voqea. Kitob taqdimoti Toshkentda, 2018 yil noyabrda o‘tkaziladigan ko‘rgazma bilan bir vaqtda tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: