GM-Uzbekistan rahbari elektromobil ishlab chiqarilishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytardi

Fan-texnika 17:31 / 06.07.2017 34524

GM-Uzbekistan tasarrufidagi korxonalarga uyushtirilgan press-tur davomida korxona bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov jurnalistlar va blogerlarning elektromobillar ishlab chiqarish borasidagi savollariga javob berar ekan, jumladan, shunday dedi:

“Bunday avtomobillar ishlab chiqarish tannarxi juda qimmatga tushadi. Bu kabi avtomobillarni ishlab chiqarish juda rivojlangan mamlakatlarda amalga oshirilmoqda”, - dedi Rustam Rajabov. - “Misol qilib aytadigan bo‘lsak, Gollandiya 2025 yildan keyin ichki yonuv dvigatelli avtomobillardan butunlay voz kechadi. Bunday talabga ularning turmush tarzi, strukturasi va qo‘shimcha imkoniyatlari javob beradi”.

Rustam Rajabovning ta'kidlashicha, GM-Uzbekistan korxonasida bu yo‘nalishda ish olib borilmayapti. Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, korxonada alternativ yoqilg‘ida, ya'ni gazda harakat qiluvchi avtomobillar ustida ish olib borilmoqda. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, endi korxonaning o‘zidan gazda yurishga ixtisoslashgan avtomobillar ishlab chiqariladi.

“Hozirgi, ya'ni benzinda yurishga mo‘ljallangan avtomobillarda gazda ishlashga qo‘lbola usulda moslashtirilishi natijasida mashina motorining metallari jiddiy yemirilmoqda. Chunki benzin va gazning yonish harorati bo‘lakcha, ularning motor metaliga ta'siri farqlanadi. Oqibatda 10 yilga kafolatlangan motor, 2–3 yilga borib ishdan chiqmoqda. Biz mana shularni hisobga olgan holda, zavodning o‘zida gazda yurishga ixtisoslashgan avtomobillar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Bunday avtomobillar chidamliroq motor bilan ta'minlanadi. Shuningdek, bunday mashinalarning orqa osmalari, amortizatorlari, prujinalari kuchaytiriladi”, dedi  Rustam Rajabov.

Ko‘proq yangiliklar: