Samsung Galaxy Note 7 fabletining «FE» qo‘shimchali qayta ishlangan versiyasi ishlab chiqaruvchi tomonidan rasman namoyish etildi va sotuvga chiqarishga tayyorlanmoqda. Hi-Tech shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi.
Nima o‘zgardi?
Qayta ishlangan qurilmaning asosiy tafovutlaridan biri - uning batareyasi. Kutilmagan portlashlar sababi ham aynan shu batareya bo‘lgan, shu tufayli Samsung fabletning birinchi versiyasini bozordan qaytib olishga majbur bo‘lgan. Yangi Fan Edition batareyasi 3200 mAs sig‘imli bo‘lib, avvalgisidan (3500 mAs) 8,5 foizga kamroq. Shunisi diqqatga sazovorki, har bir qurilmadagi batareya sakkiz bosqichli xavfsizlik tekshiruvidan o‘tgan - shu tariqa ishlab chiqaruvchi yangilangan Note 7 sifatiga kafolat bermoqda.
Nima o‘zgarmadi?
Galaxy Note 7 (FE) 5,7 dyuymli Super AMOLED displeyi (1440x2560) bilan ta'minlangan. Qurilma to‘rt yadroli protsessorli Snapdragon 821 chipseti, shuningdek Adreno 530 grafik protsessor va 4 Gb/64 Gb xotiraga ega. Barmoq izlari skaneri setchatka kabi old panelda joylashgan, qurilma IP68 standarti bo‘yicha suvdan himoyalangan. Shuningdek fablet stilus bilan birga taqdim etilgan.
Galaxy Note 7 FE flagmani Bixby ovozli assistentiga ega, lekin unga alohida tugma belgilanmagan.
Chiqish sanasi va narx
Samsung Galaxy Note 7 Fan Edition (FE) rasman 7 iyuldan sotuvga chiqadi. Narxi - taxminan 610 dollar. Kompaniya 400 ming fablet ishlab chiqarishni rejalashtirgan, zero kuzda kompaniyaning yangi qurilmasi Samsung Galaxy Note 8 namoyish etiladi. Smartfon qora, ko‘k, tillarang va kumushrang variantlarda taqdim etiladi.