Telegram’ning to‘siqlardan himoyalangan yangi versiyasi chiqariladi

Fan-texnika 23:24 / 30.06.2017 13465

Pavel Durov Telegram’ning yangilangan versiyasi chiqarilishini e'lon qildi. Messenjer asoschisining so‘zlariga ko‘ra, yangilanishlar «kelajakda Telegram’ni potensial bloklashlarga yanada chidamliroq qiladi».

«Telegram messenjeri foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlari Rossiya hukumatiga berilmaydi, chunki bu messenjerning maxfiylik siyosatiga ziddir». Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ana shunday deb yozib qoldirgan.

«Telegram butun dunyo bo‘ylab yagona prinsipda ishlaydi: hattoki Facebook va Twitter’ga to‘siq qo‘yilgan, Telegram’ning 40 million faol foydalanuvchisi bo‘lgan konservativ Eronda ham hukumat bizdan foydalanuvchilar haqida yarim bayt ham shaxsiy ma'lumotlarni ololmagan. Biz ayrim davlatlardagi bozor ulushimizni yo‘qotmaslik uchun o‘z prinsiplarimizdan aslo chekinmaymiz», — degan u.

Bundan tashqari, Durov Telegram’ning yangilangan versiyasi chiqishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangilanishlar «kelajakda Telegram’ni potensial bloklashlarga yanada chidamliroq qiladi».

Ilgari xabar qilinganidek, Telegram asoschisi Pavel Durov kompaniya haqidagi ochiq ma'lumotlarni Roskomnadzor o‘zi yuritadigan axborot tarqatuvchilar reyestriga qo‘shishiga rozi bo‘lgan. Bu holda Durov Telegram foydalanuvchilarining yozishmalarini ochib o‘qishga ruxsat bermasligi va «Yarovaya paketi» talablarini bajarmasligini ta'kidlagan.

Telegram asoschisi kompaniya o‘z zimmasiga biror bir qo‘shimcha majburiyatlarni olmasligini alohida qayd etgan. Telegram Rossiyaning tartibga soluvchi organi bilan xuddi boshqa mamlakatlardagi darajada hamkorlik qiladi. Durovning tushuntirishicha, uning bu so‘zlarini «terrorizm va narkotiklar propagandasi, zo‘ravonlikka chaqiriqlar va bolalar pornografiyasiga oid ommaviy materiallarni yo‘q qilish, shuningdek, spam tarqatishga bo‘lgan urinishning oldini olish kabilarda birgalikda ishlash»ni tushunish kerak, xolos. 

Roskomnadzorning rahbari Aleksandr Jarov 23 iyun kuni Durovga shaxsan murojaat qilib, Telegram messenjerini boshqaruvchi kompaniya haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishni so‘ragan — bu Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Rossiyada ishlash uchun muhim hisoblanadi. Idora rahbari agar Telegram ko‘rsatib o‘tilgan muddatda ma'lumotlarni taqdim etmasa, ma'lumotlar taqdim etilgunga qadar messenjer Rossiyada to‘sib qo‘yilishini ta'kidlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: