ThyssenKrupp nemis kompaniyasi Multi deb nomlangan yangi lift tizimini sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazganini ma'lum qildi. Lift shunisi bilan o‘ziga xoski, u ham vertikal, ham gorizontal yo‘nalishda harakatlana oladi.
Liftni o‘rnatish va ishga tushirish ThyssenKrupp’ning Rotvayl shahridagi zavodida joylashgan sinov minorasida o‘tkazildi. Bu lift texnologiyasi qo‘llanadigan birinchi inshoot Berlinda qurilayotgan East Side Tower binosi bo‘ladi. 246 metrlik binodagi 12 ta lift shaxtasidan 3 tasi Multi tizimiga ajratiladi. Bino qurilishini 2017 yilda yakunlash rejalashtirilgan.
Multi kontsepti 2014 yildayoq ishlab chiqilgan. Lift halqalangan tizim ko‘rinishida loyihalangan bo‘lib, unda lift kabinalari jamoat transportidek muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi. Kabinalar magnit relslar yordamida harakatlanadi. Bu liftni vertikal va gorizontal yo‘nalishda harakatlantirish uchun troslarni qo‘llashdan voz kechishga imkon berdi.
Multi vaqt va energiya iste'molini samarali boshqarish uchun simsiz kompyuter tizimidan foydalanadi. Bu tizim ekologik toza va liftdan foydalanuvchilarning vaqtini tejaydi.
Loyiha mualliflarining aytishicha, ushbu innovatsiya liftni kutish vaqtini qisqartirishga qaratilgan. Ularning fikricha, Nyu-York markazida ishchilar liftni kutib yiliga umumiy hisobda 17 yil va uning kabinasida yana 6 yilni o‘tkazishadi. Multi’ni kutish vaqti binoning o‘lchamidan qat'iy nazar, 15-30 soniyani tashkil qiladi.
Liftning bir nechta shaxtasidan bir yo‘la foydalanish va kabinalarni gorizontal holatda harakatlantirish imkoniyati arxitektorlarni binolarni yagona vertikal o‘q atrofida qurish zaruratidan xalos etadi. Bu esa binoning maksimal balandligiga cheklovlarni bekor qiladi va arxitekturaviy va qurilish tajribalarini o‘tkazishga ko‘proq imkon beradi.