Qayta moliyalash stavkasi yillik 14 foizgacha ko‘tariladigan bo‘ldi 

Iqtisodiyot 18:48 / 24.06.2017 33896

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining pul-kredit siyosati chora-tadbirlarining iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta'minlashdagi samaradorligi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi yakuni bo‘yicha joriy yilning 28 iyun kunidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi joriy yilning o‘tgan davrida inflyatsiya sur'atlarining tezlashishi hamda inflyatsion xatarlarning ortishini cheklash bo‘yicha choralarni kuchaytirish zaruriyatining yuzaga kelganligi bilan izohlanadi.

Inflyatsiya darajasiga narxlarning mavsumiy o‘zgarishi hamda taklif omillari bilan bir qatorda iqtisodiyotni kreditlash hamda milliy valyuta devalvatsiyasining o‘tgan yilga nisbatan yuqoriroq sur'atlarda oshib borishi ham o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Yuzaga kelgan sharoitda amaldagi foiz stavkalari kredit resurslariga spekulyativ talabning oshishiga hamda inflyatsion spirallar paydo bo‘lishi xavfining ortishiga olib kelmoqda. 

Ushbu holatda qayta moliyalash stavkasini oshirish to‘g‘risidagi qaror Markaziy bank tomonidan inflyatsiya o‘sishining oldini oluvchi ta'sirchan chora sifatida quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:

monetar omillarning narxlar darajasi o‘sishiga ta'sirini va inflyatsion xatarlarni cheklash hamda inflyatsiyani maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida saqlab qolish;

ijobiy real foiz stavkalarini ta'minlash va iqtisodiyot real sektorini kreditlashda muvozanatli sharoitlarni yaratish;

valyuta kursi shakllanishining erkin bozor rejimiga o‘tish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish;

narxlar barqarorligi va past inflyatsion kutilmalarni ta'minlash hamda o‘rta va uzoq muddatli investitsion qo‘yilmalarni rag‘batlantirish orqali tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlarni shakllantirish.

Markaziy bank kelgusida ham narxlar darajasining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va iqtisodiyotda barqaror past inflyatsion kutilmalarni shakllantirishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettiradi.

Iste'mol bozorida narxlar barqarorligi va inflyatsion xatarlarning pasayishiga erishilishi bilan qayta moliyalash stavkasi qayta ko‘rib chiqilib, pasaytirib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: