Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) qator hamkor tadqiqot markazlari bilan birgalikda mamlakatlarning innovatsion rivojlanishiga doir reytingini tuzdi. JIMT matbuot xizmati ushbu ro‘yxatni taqdim etdi.
Global reytingning ilk uch o‘rni Shveytsariya (1-o‘rin), Shvetsiya (2) va Niderlandiya (3)ga nasib etdi. Ta'kidlash joizki, Shveytsariya yetti yildan beri mazkur reytingda yetakchilik qilib keladi.
AQSh ham 2016 yilgi reytingdagi o‘rnini saqlab qolib, to‘rtinchi o‘ringa joylashdi. Beshinchi o‘rinda Birlashgan Qirollik nomi qayd etildi, bu mamlakat o‘tgan yilgi reytingda kuchli uchlikka kiritilgandi. Reytingning oltinchi o‘rnida esa Daniyani ko‘rish mumkin. Daniya o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘ona ko‘tarilgan.
Innovatsion rivojlangan davlatlar reytingining kuchli o‘nligidan shuningdek, Singapur (7), Finlyandiya (8), Germaniya (9) va Irlandiya (10) mamlakatlari o‘rin olgan.
Osiyo qit'asidan yetakchilar - Singapur (7), Janubiy Koreya (11) va Yaponiya (14).
127 mamlakat ishtirokidagi reytingni tuzishda institutlar, ta'lim va infratuzilmaning rivojlanishi, biznes uchun yaratilgan sharoitlar kabi omillar inobatga olingan. Reytingni tuzishda mualliflar 30dan ziyod davlat va xususiy manbalar ma'lumotlariga asoslanishdi. Joriy yildagi tadqiqotning asosiy mavzusi - qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarishda innovatsiyalarning qo‘llanishi.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ro‘yxatning 78-o‘rnida Qozog‘iston, 93-o‘rnida Tojikiston va 94-o‘rnida Qirg‘iziston nomlari keltirilgan. O‘zbekiston va Turkmaniston reytingda yo‘q.