Okeandagi hayot: akvanavtlarning suv osti uylaridagi har kuni

Fan-texnika 13:48 / 08.06.2017 17750

Har yili 8 iyul kuni nishonlanadigan Jahon okeanlar kuni jamoatchilik e'tiborini okeanlar muammosiga qaratish maqsadida ta'sis etilgan. Ular insonning xo‘jalik faoliyatidan jiddiy zarar ko‘rmoqda. Futurolog olimlar insoniyatning katta qismi okeanlarga ko‘chib o‘tishini ististo etmayapti, sababi ular Yer yuzasining 71 foizini qamrab olgan. Bu g‘oya inson uchun suv ostida uy yaratish ustida ishlayotgan muhandislarga ham tinchlik bermay kelmoqda.

"Diogen" suv osti uyi

Suv osti uylarining katta qismi 60-70-yillarda Jak Iv Kusto faoliyati sabab paydo bo‘lgan, aynan u dunyodagi ilk suv osti uyi - "Diogen"ni yaratgan (u katta bochkaga o‘xshash bo‘lgan). Bu uy Marsel bandargohida 1962 yilning sentabrida 10 metrlik chuqurlikda o‘rnatilgan. Keyinchalik (1965 y.) Kusto O‘rta Yer dengizida 100 metrlik chuqurlikka "Prekontinent-3" laboratoriyasini joylashtirdi.

Okeanlarda yashash g‘oyasiga katta qiziqish bildirgan AQSh, Angliya, GFR, Bolgariya, Chexoslovakiya, Polsha va sobiq Ittifoqda ham suv osti uylari hamda laboratoriyalarni qura boshlashgan.

Leningrad gidrometeorologiya institutining suv osti tadqiqotlar
laboratoriyasi xodimlari 
"Sadko-2" qurilmasini suv ostiga tushirishmoqda

Sobiq Ittifoqda shunday uylardan uchtasi qurilgan: "Ixtiandr" – 1966 yilda Donetsk shahrilik akvalangchilar qurishgan; "Sadko" – Leningrad gidrometeorologiya institutining suv osti uyi; hamda "Chernomor" – loyiha P.P.Shirshov nomidagi okeanshunoslik instituti tomonidan amalga oshirilgan.
Bu uylarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda ma'lum bo‘lishicha, okeanda hayot kechirish mumkin. Biroq u o‘ziga xos bo‘lib, qator muhim muammolarni hal etishni talab qiladi.

Birinchidan, sun'iy atmosferani yaratish talab qilinadi. Suv osti uylarida odatda ikki yoki uch gaz aralashmasidan bo‘lgan atmosfera qo‘llangan. Variantlardan biri – azotni geliy bilan almashtirish (bu kesson kasalligi va azotdan mast bo‘lib qolmaslik maqsadida qilinadi, sababi atmosfera bosimining ortganida shunday holat yuz beradi) hamda 2 foiz kislorod qo‘shish, boshqa variant - aralashtirish:  4 foiz kislorodni, 16 foiz azotni va 80 foiz geliyni. Murakkablik shundaki, bu tarkibni aniqlikda ushlab turish bir qadar qiyin.
Ikkinchidan, ma'lum bo‘lishicha, inson geliyli atmosferada qattiq muzlay boshlaydi. Geliy azotga qaraganda ko‘proq issiqlik o‘tkazadi, hamda kishi sovuqni his etmasligi uchun uydagi harorat Tselsiy bo‘yicha 28 dan 38 darajagacha bo‘lishi kerak. Qiziqki, bunday atmosferada hech qanday harakat qilmay o‘tirgan kishi juda isib ketadi, biroq nimadir qilishni boshlasa, darhol sovuqni sezadi.

Yana bir jihat – geliyli atmosferada ovoz xususiyatlarining o‘zgarishi. Hammamiz bilamiz, geliyli havo sharchasining ichidagini yutsak "Donald Dak" effekti kelib chiqadi – bunda inson ovozi tovushlari Uolt Disney multfilmidagi o‘rdakcha g‘ag‘illashiga o‘xshab ketadi. Tasavvur qiling, har doim shunday ohangda gapirasiz. Bundan tashqari, akvanavtlar nafaqat bir-birlarining ovozini yomon taniydi, balki aytilayotgan so‘zlarni ham tushunishmaydi.

Yana bir muammo nimadir ro‘y bersa, okean yuzasiga tezlik bilan ko‘tarilish imkoniyatining yo‘qligida. Okean tubida sayrga chiqqan akvanavt o‘zining suv osti uyiga albatta qaytishi kerak, - yuzaga yo‘l uning uchun yopiq. Qandaydir muammoga duch kelgan insonga vaqtida yordam ko‘rsatish uchun, suv osti uydagilar u uyni nima maqsadda va qanday vazifa bilan tark etgani, uning qurilmasidagi ballonlarda havo olish qorishmasi miqdorini aniq bilishlari kerak bo‘ladi… Bu bosimni tezlik bilan bir me'yorga keltirish muammosi bilan bog‘liq, sababi bunday holat faqatgina uy va quruqlik o‘rtasida oraliq halqa bo‘lib xizmat qiluvchi barokamerada mavjuddir.

"Jules Undersea Lodge" mehmonxonasi

Biroq haqiqiy akvanavt-romantiklarga bunday kichik narsalar muammo emas, deya aniqlik kiritadi Rossiya fanlar akademiyasining tibbiy-biologik muammolar institutining ekstremal sharoitlarda inson fiziologiyasi bo‘limi mudiri Aleksandr Suvorov:

"Men hozirgi paytda yagona bo‘lib turgan ishlayotgan Floridadagi suv osti uyida 9 kun yashadim, - u "Jules Undersea Lodge" deb ataladi. Suv osti laboratoriyasi u yerda 7 metrlik chuqurlikda, mehmonxona esa – 5 metrlik chuqurlikda joylashgan. Juda qiziq, ajoyib taassurotlar. Biroq hattoki ushbu unchalik chuqur bo‘lmagan joydan so‘ng ham quruqlikka jiddiy muammolarsiz chiqish uchun barokamerada 3 soatlik dekompressiya kerak bo‘ladi. Biroq, kishilar okeanlarda yashamasligi uchun jiddiy to‘siqlarni ko‘rmayapman. O‘ylashimcha, bunday mehmonxonalar yaqin orada quriladi".

Haqiqatdan ham, bunday loyihalar doimiy ravishda taklif etilmoqda, ularning qurilishi haqida ma'lumotlar berilmoqda va hattoki mehmonxona xonalari band qilinmoqda. Ehtimol, yaqinda Jahon okeanlari kunini haqiqiy suv osti uyida kutib olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: