1 iyundan boshlab "GM Uzbekistan" barcha avtomobillari so‘mda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi

Fan-texnika 20:11 / 27.05.2017 115952

1 iyundan boshlab "GM Uzbekistan" barcha avtomobillari so‘mda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 maydagi PQ-3010-sonli "Jyeneral Motors O‘zbekiston" AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.

Qarorning 1-bandida "Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va "O‘zavtosanoat" AKning 2017 yil 1 iyundan ichki bozorda "Jyeneral Motors O‘zbekiston" AJning barcha turdagi yengil avtomobillarini milliy valyuta - so‘mda sotish borasidagi taklifi ma'qullansin" deyiladi.

2-bandida 2017 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatda tuzilgan barcha shartnomalar avvalgi tartib bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, eksport hajmini mahsulotlarni sotish bozorlarini yanada diversifikatsiyalash va eksport qilinuvchi mahsulot nomenklaturasi, tashqi bozorlarda pozitsiyalarni mustahkamlash hisobiga oshirish; ishlab chiqarish hajmini yangi raqobatbardosh mahsulotni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish hisobiga oshirish; sohada ehtiyot qismlar importini qisqartirish, investitsiyalarni jalb qilgan holda mahalliylashtirishni chuqurlashtirish choralarini ko‘rish ta'kidlangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga bir haftalik muddatda ushbu qarorni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qilish buyurilgan. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklangan.  

Avvalroq Kun.uz GM Uzbekistan kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan bir qator avtomobillarning narxlarini oshirishi, bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar ma'lum qilgani haqida xabar bergandi. 

Manbalarning xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining narxlar bo‘yicha qarori ham chiqishi kutilmoqda. Ayni damda bu masala ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: