Dunyodagi eng katta aviadvigatel sinovdan o‘tkazilmoqda

Fan-texnika 20:23 / 22.05.2017 8584

GE Aviation dunyodagi eng katta va eng kuchli aviadvigatel GE9X’ni sinovdan o‘tkazishni boshlamoqda. Bu dvigatel Boeing 777X samolyotlariga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Sertifikatlash sinovlari 2-bosqich sinovlarini o‘z ichiga oladi. Bu sinov davomida dvigatelning e'lon qilingan tortish kuchi, yonilg‘i sarflashi va boshqa ko‘rsatkichlari sinovlarda olingan haqiqiy ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanadi.

Avvalroq dvigatelning ilk prototipi zavod sinovlaridan o‘tkazilib, unga turli o‘lchamdagi chiqindilarni tashlashga bardosh berdi hamda chang va muzga sinovlardan o‘tdi. GE9X ustida 2012 yildan beri ishlanmoqda va u aviatsion dvigatelsozlik sohasidagi eng kutilayotgan ishlanmalardan biri hisoblanadi.

Tortish kuchi 45,4 tonnaga ega dvigatel bunday qurilmalarga o‘rnatiladigan dunyodagi eng katta diametrga ega (3,35 metr) ventilyator, 16 ta ugleplastikli kurakcha, yuqori bosimli 11 pog‘onali kompressor (siqish darajasi 27:1) va yonish kamerasi bilan jihozlangan.

Kompaniyaning ma'lum qilishicha, dunyoda birorta tijoriy dvigatel bunday yuqori siqish darajasiga ega emas. Dvigatel konstruksiyasida 1,3 ming gradusgacha haroratga dosh bera oladigan kompozitsion materiallar faol qo‘llangan. Qurilmaning ba'zi detallari 3D-bosma qo‘llangan holda yaratilgan.

Kompaniya Emirates, Lufthansa, Etihad Airways, Qatar Airways, Cathay Pacific va boshqa aviakompaniyalardan 700 ta dan ko‘proq bunday dvigatelga buyurtma oldi. Buyurtmalarning umumiy qiymati 29 mlrd dollarni tashkil qiladi.   

Ko‘proq yangiliklar: