Ijtimoiy tarmoqlarda iPhone 8 maketining yangi suratlari tarqaldi. Suratlar BGR portaliga joylandi.
Manbada ta'kidlanishicha, maket Apple'da tasdiqlangan iPhone 8 chizgilari bo‘yicha ishlangan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi iPhone aynan shunday ko‘rinishga ega bo‘ladi. Suratlarda Apple'ning yangi smartfoni orqa qopqog‘i shishadan ishlangani, ikkilamchi kamera esa vertikal bo‘lishini ko‘rish mumkin. Shuningdek, xuddi iPhone 7'da bo‘lgani kabi 3,5 millimetrli quloqchin ulagich yo‘q.
Maketda TouchID skanerli Home tugmasi yo‘q. Ehtimol, Apple barmoq izlari skanerini smartfonning orqa qopqog‘iga emas, ekranga o‘rnatar.
Latviyalik bloger Bendjamin Geskin 2017 yilning aprelidayoq o‘zining Twitter'ida shunga o‘xshash suratlarni chop etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suratlarda ishchi prototip emas, korxonada yaratilgan smartfonlar maketi tasvirlangan bo‘lgan.
Yangi iPhone 2017 yilning kuzgi mavsumida, Apple'ning doimiy taqdimotida namoyish etiladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, smartfon 5,8 dyuymli OLED-displeyga ega bo‘ladi.