Google I/O – 2017: Yangi Android, yangilangan «aqlli kolonka» va VR-inqilob

Fan-texnika 12:41 / 17.05.2017 5052

17 may kuni Kaliforniyaning Mauntin-Vyu shahrida Google uchun dasturlar ishlab chiqaruvchilar uchun yillik konferensiya boshlanadi. Mobil dasturlash, yangi interfeyslar va ilovalar uchun platformalar 2017 yilgi anjumanning asosiy mavzulari sifatida qayd etilgan. Quyida Google I/O 2017 konferensiyasida e'lon qilinishi mumkin bo‘lgan 3ta yangilik haqida so‘z yuritamiz. 

Android 8.0 («O»)

Google I/O, odatdagidek, Android dasturiy ta'minotining yangi namunasini namoyish etish bo‘yicha asosiy maydon bo‘lib qolmoqda. Albatta, ikkinchi yildirki, uning  alfa-namunasi konferensiyadan avvalroq paydo bo‘lmoqda. Bu yil yangi Android 21 martdan boshlab turli dasturlar va ilovalar ishlab chiqaruvchilarga havola qilingan edi. 

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, taqdimotga atigi bir necha soat qolganiga qaramay,  Android 8.0 rasmiy nomiga ega emas. Hozircha, uning birinchi harfi  — «O» ma'lum. Buni shu bilan izohlash mumkinki, Android dasturining barcha asosiy namunalari alifbo tartibida harflar bilan belgilanadi. 

Android dasturiy ta'minotining eng so‘nggi nusxasi shokoladli pechene «Oreo» nomini olishi taxmin qilinmoqda. Google kompaniyasining katta vitse-prezidenti Xiroshi Lokxaymerning The Verge muharrirlaridan biriga yuborgan tviti shundan darak beradi. Biroq, shu bilan birga, u kompaniyaning o‘ziga xos marketing usuli bo‘lishi mumkin.

2017 yili taqdim etilgan Android 7.0 «Nougat» 4,9 foiz qurilmalarga o‘rnatilgan

Android 8.0 dasturiy ta'minotida ko‘plab yangiliklar mavjudligi qayd etilmoqda. Unda faol bo‘lmagan ilovalarning energiya iste'molini kamaytirish orqali batareya quvvatini tejash imkoniyati mavjud bo‘ladi. 

Android 8.0, shuningdek, ma'lum bir qurilmada qo‘llanilayotgan grafika tizimidan kelib chiqqan holda ilovalar timsollarini avtomatik ravishda o‘zgartiradi. Yorliqlar 3xil ko‘rinishda bo‘ladi. 

Wi-Fi Google Home 

Ma'lumki, Google o‘zining birinchi yordamchi-kolonkasini 2016 yilgi I/O anjumanida namoyish etgandi. Business Insider nashriga ko‘ra, 2017 yilmay holatiga ko‘ra, Google Home eng ommabop «aqlli kolonka»lar reytingida bozorning 24 foizini egallab, ikkinchi o‘rinda bormoqda. 

Google Home muvaffaqiyat qozonayotgandek ko‘rinsa-da, o‘zining asosiy raqobatchisi — Amazon Echo kolonkasiga imkoniyatni sezilarli ravishda boy bermoqda. Amazon Echo bugungi kunda bozorning 70,6 foizini nazorat qilmoqda. Uning 2017 yilda 35,6 mln dona sotilishi taxmin qilinayapti. Bu farqni Google Home 2 qisqartira oladimi-yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. 

Mustaqil VR-garnitura

2016 yilda Google o‘zining Daydream virtual reallik platformasini taqdim etgan edi. Uning tarkibida Daydream View garniturasi ham borligidan ko‘pchilik xabardor. Uning narxi ko‘plab raqobatchilar taklif qilganidan sezilarli arzon — 79 dollar edi. Biroq, Daydream View ham boshqa VR-qurilmalardagi mavjud nuqsonni bartaraf eta olmadi. Uning ishlashi uchun smartfon talab etiladi. 

Ars Tecnhica nashrining yozishicha, Google bu safar umuman yangi, mustaqil VR-qurilmani namoyish etishi mumkin. Uning ishlashi uchun kompyuter yoki smartfon talab etilmaydi. 

Ars Techinca nashriga ko‘ra, Google kompaniyasining VR-yangiligi smartfondan foydalanish bilan bog‘liq yana bir muammo, ya'ni batareya quvvatini tejash zaruratiga barham beradi. 

Demak, kutamiz, taqdimot marosimi 17 may kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da Google anjumani saytida onlayn namoyish etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: