“O‘zavtosanoat” AK va Fransiyaning “Pejo Sitroyen” guruhi o‘rtasida O‘zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona barpo etish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda Kun.uz'ga “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi «Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive» qo‘shma korxonasi “Peugeot Citroen” guruhi va “O‘zavtosanoat” AK tomonidan barpo qilinmoqda.
Hujjatga ko‘ra, yangi korxona “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida, Toshkentdan 200 km. uzoqlikdagi hududda quriladi.
Zavod “Peugeot” va “Citroyon” brendlari ostida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi.
Ustav kapitali 30 mln yevroga teng qo‘shma korxona har ikki tomonning teng ulushi asosida faoliyat yuritadi. Loyiha bo‘yicha umumiy investitsiya qariyb 130 mln yevroga teng.
“Pejo Sitroyen” guruhi yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini joriy qilishda va mutaxassislar malakasini oshirishda ko‘mak ko‘rsatadi. Zavod ishlab chiqarishni boshqarish, mahsulot sifati, yetkazib berish va savdo masalalarida “Pejo Sitroyen”ning zamonaviy tizimi bo‘yicha ish olib boradi. Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni jalb qilish yo‘li bilan birinchi yilning o‘zidayoq yangi qo‘shma korxonada 50 foizga mahalliy mahsulotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda “O‘zavtosanoat” AK tarkibida 30 ga yaqin yirik zavodlar va 160 dan ortiq o‘rta va kichik korxonalar aynan mahalliylashtirish dasturi asosida ish olib boradi.
Qurilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxonada yiliga 16 000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Ularni O‘zbekistonda, shuningdek, uzoq va yaqin xorij davlatlaridagi eksport bozorlarida sotish rejalashtirilmoqda.
32 millionlik aholiga ega O‘zbekistonda sanoatni va avtomobil bozorini rivojlantirish uchun yetarlicha salohiyat va imkoniyat bor.
“Yengil tijorat avtomobillari segmenti O‘zbekistonda o‘zlashtirilmagan yagona transport vositasining turi edi. Ushbu loyihaning tatbiq etilishi mahalliy avtomobil sanoati rivojida yana bir dadil qadam bo‘ladi. Aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi yangi qo‘shma korxona O‘zbekiston sanoatining yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi”, - deya ta’kidladi “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisining o‘rinbosari Rustam Yusupov.
“Ushbu loyiha bizning 5 yillikka mo‘ljallangan taraqqiyot dasturimizga to‘la mos keladi va bu “Pejo Sitroyen” guruhi uchun yengil tijorat avtomobillarining savdosini rivojlantirish va hududiy kengayish uchun yana bir katta imkoniyatdir. Biz qo‘shma korxona tashkil etilishida asosiy faktor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan qo‘llab-quvvatlashlarini hamda o‘zbek hamkorlarimiz bilan konstruktiv muloqotni juda yuqori baholaymiz”, - deya e’tirof etdi “Pejo Sitroyen” guruhi vitse-prezidenti Kristof Berjyeran.
Ma’lumot uchun, “O‘zavtosanoat” AK 1994 yilning 17 mart sanasida tashkil etilgan. Hozirda AK tarkibida 75ta yirik va o‘rta korxona hamda kompaniyalar, jumladan, Janubiy Koreya, Turkiya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, AQSh va MDH davlatlari texnologiyasi va sarmoyasi asosidagi kompaniyalar mavjud. AJning asosiy faoliyat doirasi – yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk tashuvchi avtomobillar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish. Kompaniyada 24 mingdan ziyod xodim ishlaydi, ulardan 5 ming nafari jahonning yetakchi sanoat kompaniyalarida malaka oshirgan.
“Pejo Sitroyen” guruhi uch markadagi avtomobillarni ishlab chiqaradi - Peugeot, Citroën va DS. Shuningdek, avtomobil ishqibozlarining tobora o‘zgarib borayotgan talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda keng ko‘lamda Free2Move markasi ostida mobil va intellektual xizmatlarni ko‘rsatadi.