Toyota uchar avtomobil yaratishni moliyalashtiradi

Fan-texnika 12:50 / 15.05.2017 4743

Yaponiyaning Toyota korporatsiyasi uchar avtomobilni yaratish bo‘yicha loyihaga 350 ming dollar ajratishga qaror qildi. Loyiha bilan korporatsiyaning bir necha xodimi ko‘ngilli ravishda shug‘ullanmoqda, deb xabar berdi Nikkei Shinbun gazetasi.

Cartivator nomli loyiha 2012 yilda ishga tushirilgandi, biroq ayni damga qadar internet orqali yig‘ilgan mablag‘lar hisobiga rivojlanib kelgan. U 2019 yilga kelib zamonaviy kvadrokopterlardagi kabi to‘rtta rotorga ega bo‘lgan uchar qurilma prototipini yaratishni nazarda tutadi. Ishlanma yerda ham oddiy avtomobil kabi harakatlanishi kerak.

Loyiha konsepsiyasi ko‘rsatilgan videorolikdan ko‘rish mumkinki, bir o‘rindiqli qurilma 2020 yildagi Tokio Olimpiadasining bosh arenasi yonida qo‘nadi, stadionga kiradi va yana havoga ko‘tariladi, uni boshqarayotgan kishi esa olimpiya mash'alasini yoqadi. Kutilishicha, ishlab chiqaruvchilar aynan shu muddatga kelib o‘z rejalari asosidagi uchar avtomobilni yaratishning uddasidan chiqishadi.

Hozircha asosiy muammo qurilmani havoda to‘rtta vint dvigateli hisobidan barqaror ushlab turishdadir. Shuningdek, konstruksiyaning katta og‘irligi ham bir qadar murakkablik keltirib chiqaradi.

Ko‘proq yangiliklar: