Ozarboyjon Xalqaro banki 3,3 mlrd dollarlik qarzini restrukturizatsiyalash (qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartlarni qayta ko‘rib chiqish) uchun Nyu-York sudiga bankrotlik haqida ariza berdi. The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Ozarboyjonning eng yirik bankiga kapital quyilishlarga qaramasdan, neft narxi tushishi va valyuta kurslarining o‘zgarishi sababli katta ziyon yetkazilgan.
Ozarboyjonda valyuta taqchilligi va o‘tkir valyuta inqirozi natijasida kasodga uchrash yoqasiga kelib qolgan ushbu bank tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishni to‘xtatdi va kreditorlar bilan restrukturizatsiya haqida muzokaralarni boshlaydi.
Bank 10 may kuni asosiy qarzi va kreditlar bo‘yicha 100 mln dollarlik foiz bo‘yicha to‘lovni o‘tkazib yuborgan. Uning xorijiy valyutadagi bir qism qarzlari Ozarboyjon suveren obligatsiyalariga almashtiriladi, taklif qilinayotgan restrukturizatsiya rejasi agar uni kreditorlar ma'qullasalar, majburiy bo‘ladi.
Bankni sog‘lomlashtirish maqsadida o‘tkaziladigan restrukturizatsiya natijasida uning xorijiy valyutadagi qarzlari davlatga topshiriladi.
Ma'lum qilinishicha, Nyu-York sudi bankning murojaati asosida bank xorijiy majburiyatlarini ko‘ngilli restruktrurizatsiyalash vaqtida xorijiy kreditorlar uning aktivlariga talab qo‘ya olmasliklari haqida qaror chiqardi.
"Bizning murojaat sud tomondan ta'minlandi. Bu esa restrukturizatsiya jarayonini muvaffaqiyatli yakunlash uchun to‘g‘ri qadamlar qabul qilayotganimizni ko‘rsatadi", deb aytgan bank boshqaruv raisi Xolid Axadov.