Snapchat messenjerining egasi hisoblanuvchi Snap kompaniyasi 2017 yil 1-choragini 2,2 mlrd dollarlik zarar bilan yakunladi. 2017 yil mart oyida IPO savdosini o‘tkazganidan so‘nggi ilk hisobotida shu haqda so‘z yuritilgan.
Kompaniyaning 2016 yil 1-choragidagi zarari 104,6 mln dollar bo‘lgan edi, deyiladi hisobotda. Shunday qilib, bir yil ichida kompaniya zarari 20 martadan ko‘proqqa oshgan. Kompaniya esa bu raqamlarni 2 mlrd dollarni tashkil etgan IPO o‘tkazish xarajatlari bilan izohlamoqda.
EBITDA bo‘yicha (soliqlar va kreditlar bo‘yicha foizlarni qo‘shib hisoblaganda) ko‘rilgan zarar 93,2 mln dollardan 188,2 mln dollarga ko‘tarilgan. Tahlilchilar, hisobot davri yakuniga ko‘ra, bu raqam 181 mln dollar bo‘lishini taxmin qilishgan edi, deb yozadi The Wall Street Journal.
Snap kompaniyasining pul tushumi 2016 yil 1-choragiga nisbatan 286 foizga o‘sib, 38,8 mln dollardan 149,6 mln dollarga yetgan. Tahlilchilar bu borada 158 mln dollar bo‘lishini aytishgan edi.
Umuman, yanvar-mart oylarida Snapchat foydalanuvchilari 1/3ga ortgan va 166 mln kishiga yetgan. Bir foydalanuvchidan ko‘rilgan o‘rtacha foyda 0,9 dollarni tashkil etgan. Bu 2016 yil 1-choragi bilan taqqoslaganda 181 foizlik o‘sishni anglatadi. Snapchat messenjerining asosiy raqibi Instagram foydalanuvchilari soni kuniga 400 mln kishini tashkil etadi, deb yozadi Recode.
Kompaniya xarajatlari bir yilda 142,6 mln dollardan 2,4 mlrd dollarga ortgan. Asosiy xarajatlar umumiy va ma'muriy xarajatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Snap hisoboti e'lon qilinganidan keyin kompaniya aksiyalarining Nyu York fond birjasidagi narxi 25 foizga arzonlashib, bittasi 17,23 dollarni tashkil etgan. 10 may kuni hisobot e'lon qilinmasdan avval bir aksiya qiymati 22,98 dollar bo‘lgan.