2017 yil 4 may kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi idorasida OAV vakillari ishtirokida press-konferensiya tashkil etildi. Tadbirda YeI O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays o‘zining bayonoti bilan ishtirok etdi.
Anjuman davomida elchi O‘zbekistondagi valyuta siyosatiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi:
"O‘zbekistondagi mavjud valyuta siyosati ko‘p hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qiladi. Bu hech kimga sir emas. Ayni damda, bu O‘zbekiston hukumati tomonidan hal etilayotgan muhim masalalardan biridir.
2017-2021 yillarda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining harakatlar strategiyasida valyuta tizimini tartibga solish uchun bozor vositalarini joriy etilishi qayd etilgan va bu xorijlik sarmoyadorlar uchun kuchli ishora bo‘lishi mumkin", - deydi YeI delegatsiyasi rahbari.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, investitsiyalar foyda ko‘rishning imkoni yo‘q bo‘lgan yerga emas, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan muhit tomon oshiqadi.