1939 yilda asos solingan Toshiba dunyodagi eng yirik chip, maishiy va ofis elektronikasini ishlab chiqaruvchi korporatsiyalaridan biriga aylandi. Shuningdek u HD-DVD formatining yaratilishida ishtirok etgan hamda robot texnikasi sohasida yuqori texnologik ishlanmalari bilan mashhur.
Moliyaviy hisobotlarning soxtalashtirilishi va Westinghouse muammolari tufayli Toshiba hozir qiyin vaziyatda qolgan, hatto rahbariyatning o‘zi ham konglomeratning kelgusidagi istiqbollariga shubha qilmoqda.
2017 yilning 11 aprelida ma'lum bo‘lishicha, Toshiba kelgusidagi faoliyatini shubha ostiga qo‘ydi. Moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 9,2 milliard dollar zararni prognoz qilmoqda. Rahbariyat uni qutqarishga urinib, alohida yo‘nalishlarni sotishga kirishdi.
Toshiba o‘z tarixi davomida bir necha inqirozlarni boshdan kechirgan va murakkab vaziyatlardan doim muvaffaqiyatli chiqishning uddasidan chiqqan.
Toshiba'ning asoschisi muhandis Xisasige Tanaka hisoblanadi. U 1799 yilda usta-hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Bolaligidan o‘z ixtirolari bilan mashhur bo‘lgan Xisasige 14 yoshidayoq chiroyli va murakkab konstruksiyalarni tayyorlay oluvchi dastgohni yaratgan. U paytlar Yaponiyada bunday texnologiyalar bo‘lmagan.
20 yoshida u "karakuri-ningyo" mexanik qo‘g‘irchoqlarini tayyorlay boshlagan. Tanake haqiqiy san'at asarlarini yaratardi va ular bilan tomoshalar ko‘rsatib, mamlakat bo‘ylab sayohat qilardi.
Xisasige oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan va shu bois ota kasbini meros qilishi kerak edi, lekin ixtirochi otasini bunday sharafni kenja ukasiga ko‘rsatishga ko‘ndirgan, o‘zi esa sayohat qilishda davom etgan. Xisasigening asosiy orzusi ixtirochi bo‘lish edi, u doimo o‘z ko‘nikmalarini mukammallashtirishga harakat qilgan.
1830-yillarning o‘rtasida "karakuri" tomoshalari mashhurlikni yo‘qota boshlaganida Tanake Osakaga qarab yo‘l oldi va u yerda gidravlika, pnevmatika va kolza yog‘i asosidagi yoritish shakllari ustida tajriba qilgan. U cho‘ntak shami, shuningdek oddiy shamdan o‘n karra ko‘p yorituvchi uzoq yonuvchi lampalarni yaratgan. Tanaka xaridorlar ehtiyojini qondirish uchun lampaning yetti xil variatsiyasini tayyorlagan.
Tanaka biroz vaqt Kiotoda bo‘lib, u yerda matematika, taqvim va astronomiyani o‘rgangan. Bu davrda u maxsus yong‘inga qarshi nasos ishlab chiqqan. Uning yana bir mashhur ixtirolaridan biri "Miriada yillar soatlari" bo‘lgan. Ular yapon madaniy merosining bir qismiga aylangan.
Ishlanma sutkadagi vaqt, yil, oy, oy fazasi, Yaponiya vaqti va quyosh davrini ko‘rsatib turuvchi soatdan iborat. Soat minglab qismlardan tashkil topgan, Tanaka ularni uch yil davomida odiy asbob-uskunalar yordamida to‘plagan. 2004 yilda yaponlar Tanakaning san'at asari nusxasini bajarishga urinib ko‘rishgan. Buning uchun yarim yil davomida faoliyat ko‘rsatgan 200 nafar muhandis kerak bo‘lgan. Hatto ular ham ba'zi detalarni takrorlashning uddasidan chiqa olishmagan.
Tanakaning yana bir mashhur ixtirosi - Yaponiyadagi birinchi planetariy. Amerika va yevropaliklarning haydalishiga qaratilgan Sonno Dzyoi harakatining ommalashishi natijasida Kioto xorijiy texnologiyalarga bog‘liq kishilar, shu jumladan Tanaka uchun ham xavfli bo‘lib qoldi.
Ixtirochi turar-joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi - u Sagadagi Kyusyu oroliga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda u nafaqat tinch aholi, balki harbiy maqsadlarda ham loyihalar ishlab chiqa boshladi. U birinchi yapon paravozi va bug‘da harakatlanuvchi harbiy kemani yaratgan.
1860-yillar o‘rtalarida Tanaka qadrdon Fukuoka prefekturasiga qaytadi va u yerda qurol-yarog‘ ishlab chiqish va turli tinch ixtirolarni yaratishga yordam beradi. Dalalarni sug‘oruvchi mashina ham shular jumlasidandir.
Tanakani ko‘pincha "yaponlar Edisoni" deb atashadi. Uning ixtirolari ko‘pligiga qaramay, 1875 yilda yaratilgan Tanaka Engineering Works kompaniyasi uning asosiy merosi hisoblanadi. Uning paydo bo‘lishi 1873 yilda yapon hukumatining Tanakaga topshirgan vazifasi - telegraf uskunasini yaratish natijasidir. 1875 yilda Tokioda Toshiba tarixiga start bergan fabrika paydo bo‘ldi.
Tanaka Engineering Works Yaponiyadagi birinchi telegraf uskunasi ishlab chiqaruvchisi bo‘ldi. Uning asoschisi 1881 yilda o‘z ishini o‘g‘li Daykitiga meros qoldirib, hayotdan ko‘z yumdi. 1893 yilda kompaniya Mitsui tomonidan xarid qilindi va o‘z nomini Shibaura Engineering Works'ga almashtirdi.
Tanaka telegraf uskunalarini yaratgan bir paytda Toshiba tarixini boshlab bergan yana bir kompaniya — Hakunetsu-sha Co. faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Uning asoschisi Ichisuke Fudzioka bo‘lgan. U 1857 yilda dunyoga kelgan va samuraylar oilasida to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan. Ichisuke 18 yoshida telegraf va elektron yoritish bo‘yicha mutaxassis professor Uilyam Ayrton rahbarligi ostida o‘qiy boshladi. 1884 yilda Fudzioka AQShda Tomas Edison bilan tanishib qoladi.
Vataniga qaytgan Fudzioka birinchi yoy lampani yaratdi, 1890 yilda esa Hakunetsu-sha Co. kompaniyasiga asos soldi. 1899 yilda u o‘z nomini Tokyo Electric Company'ga almashtirdi.
Ikki kompaniya ham inqilobiy ahamiyatga ega bo‘lib, Yaponiyani elektronika sohasida sezilarli oldingaolib chiqdi.
Shibaura Engineering Works kompaniyasi Mitsui rahbarligi ostida rivojlanib, boshqa sohalarga ham muvaffaqiyatli kirib borgan. Aynan shu kompaniya 1930 yilda birinchi yapon muzlatgichini namoyish qilgan. Bu modelning samaraliligi va raqobatbardoshliligi bugunga qadar shubha ostiga olinadi. Shibaura modelining yagona ustun jihati - uning raqiblar muzlatgichiga nisbatan pastroq shovqin chiqarib ishlashida.
1939 yilda Shibaura Engineering Works va Tokyo Electric Company bir kompaniya — Tokyo Shibaura Electric'ga birlashdi. 1978 yilda uning nomi Toshiba'ga qisqardi. Ular birlashgunga qadar ham birga ishlashga ulgurishgan va Mitsui dzaybatsu (20-asr o‘rtalariga qadar Yaponiyadagi konglomerat)sining bir qismi bo‘lishgan. Ular o‘z oldiga elektronika sohasidagi dunyo yetakchilaridan birini yaratishni maqsad qilishgan.
Tokyo Shibaura Electric urushdan oldingi Yaponiyada Mitsui'ning moliyaviy qudratiga tayanib ishlay boshladi. Bu bir qator xaridlarni amalga oshirish va mahsulotlar assortimentini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Kompaniya radiopriyomniklar, generatorlar, rentgen trubkalari, cho‘g‘lanma lampalar ishlab chiqardi. Urush davrida ishlab chiqarish hajmi radarlar va boshqa elektron ishlanmalar bilan kengaydi.
Boshqa kompaniyalarda bo‘lgani kabi urush davri Toshiba uchun ham katta talofatlar bilan tugagan. Kompaniya zavodlari jabr ko‘rgan, u vaziyatni tiklashi uchun katta kuch sarflashiga to‘g‘ri kelgan. Dzaybatsu taqiqlangan, zero u ma'lum bir vaqt Mitsui Bank ko‘magisiz qolgan. Keyretsu (yangi formatdagi konglomerat) hosil bo‘lishi bilan Mitsui Toshiba uning bir qismiga aylanadi.
Urushdan keyingi davrda kompaniya o‘z mahsulotlari assortimentini faol kengaytira boshladi. Shu jumladan bosma mashinalar lineykasini rivojlantirdi.
Toshiba 50-70-yillarda. Jahon bozoriga chiqish
50-yillarda kompaniya radiotexnika bozorida ishlashda davom etdi va EHMlarni ishlab chiqara boshladi. Shu davrning o‘zida Toshiba elektron guruch qaynatgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, shuningdek ilk tranzistorli televizorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
1965 yilda IHI Corporation'ning kemasozlik sohasida nom qozongan mutaxassisi Tosivo Doko kompaniya prezidenti etib tayinlandi. U o‘sha paytda muammolar girdobida bo‘lgan Toshiba'ni tiklashi kerak edi. Doko IHI raisligini ham saqlab qolgan.
Ikki kompaniya ham shu paytgacha bir-birining aksiyasiga ega bo‘lgan. Doko prezident bo‘lgach, bu hamkorlikni yanada kengaytirdi. Toshiba IHI'dagi ulushini oshirdi, kompaniyalar o‘z rahbarlarini bir-birlarining kengashlariga kiritishdi va savdo shartnomalari tuzishdi. Doko kompaniya boshqaruvidan tashqari, korporativ madaniyat bilan bog‘liq muammolarni ham o‘z zimmasiga olgandi. U yangi boshqaruvchilarni ishga oladi. Uning keyingi qiladigan ishlari Toshiba faoliyatini mustahkamlash va sotuvlar bo‘limini kengaytirishdan iborat bo‘lgan.
Doko Toshiba'ning zayom kapitaliga tobe'ligini kamaytirish borasida ham qayg‘urgan. Kompaniya qo‘shimcha sarmoyalarni jalb qilishi kerak bo‘lgan va u kredit o‘rniga o‘z aksiyalarini sota boshlagan. Doko chetdan ko‘p aksionerlarni jalb qilmoqchi emasdi, shu bois General Electric'da to‘xtadi.
Amerika konglomerati Ikkinchi jahon urushidan oldinoq Toshiba'ga qiziqish bildirgan. Yirik aksiyalar paketining General Electric'ga sotilishi yapon kompaniyasi rahbariyatiga modernizatsiya uchun qo‘shimcha kapitalga ega bo‘lish imkonini bergan.
Doko kompaniyaning kelgusi rivojini uni global kengaytirishda ko‘rgan. Asosiy bozor AQSh bo‘lgan. Toshiba generatorlar, dvigatellar, transformatorlar va elektronika eksporti uchun mahalliy kompaniyalar bilan shartnoma imzolagan.
1967 yilda Toshiba 67 ta sho‘'ba korxona va 100 ming kishidan iborat personalni nazorat qilardi. U Yaponiyadagi eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchi va kattaligi bo‘yicha mamlakatdagi to‘rtinchi kompaniya edi. 60-yillarda Toshiba innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishda davom etdi. 1961 yilda dunyodagi ilk maishiy split-tizim ishlab chiqilgan. 1968 yilda Toshiba birinchi yapon rotatsion kompressorini ishlab chiqardi.
Kompaniyaning 60-yillarda yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalishlaridan yana biri Toshiba Musical Industries bo‘ldi. Ushbu ovoz yozish firmasi o‘zining Toshiba Records leybliga ega bo‘lgan, shuningdek Yaponiya hududida xorijiy leybllarni tarqatish bilan ham shug‘ullangan.
1973 yilda bu kompaniya aksiyalarining 50 foizini Beatles, Beach Boys, Depeche Mode kabi guruhlar ovoz yozgan Britaniyaning Capitol EMI kompaniyasi xarid qilgan. Toshiba Musical Industries - Toshiba EMI'ga qayta nomlangangan. 70-yillarda Toshiba qator sho‘'ba korxonalarni ishga tushirdi va asta-sekinlik bilan yirik ko‘p tarmoqli konglomeratga aylandi. Uning maqsadi avvalgidek AQSh bozorlari edi.
1973 yilda kompaniya Sharp bilan hamkorlikda kalkulyatorlar sohasida ishlanmalar qilgan. Dunyodagi ilk SK-displeyli Elsi Mate EL-805 kalkulyatori namoyish qilingan.
Kompaniyaning 70-yillardagi yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri protsessorlar ishlab chiqarish bo‘ldi. Bu davrda ko‘plab yapon gigantlari aynan shu sohaga murojaat qilishgan. 1971 yilda u Electronic Engine Control loyihasiga qo‘shilgan va 1973 yilda 12 bitli mikroprotsessorni taqdim etgan.
1970 yilda kompaniya dunyodagi birinchi rangli videofonni namoyish qildi. 1972 yilda u 700 ming kilovattli ilk yapon turbogeneratorini ishlab chiqardi. Uch yildan keyin esa million kilovattli versiya tayyor bo‘ladi. 1978 yilda kompaniya birinchi yapon matnli protsessori - JW-10 haqida e'lon qildi. JW-10'ning narxi 6,3 million iyena bo‘lgan.
Toshiba 80-yillarda. AQShga embargo
1980 yilda kompaniyaga Shoichi Saba prezident bo‘ldi. Ma'lumotiga ko‘ra muhandis bo‘lgan Saba Toshiba’ning texnologik rivoji uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildi. U kompyuter, yarimo‘tkazgich va telekommunikatsiyalarga urg‘u berib, tadqiqot va ishlanmalarga alohida e'tibor qaratdi.
1984 yilda ishlab chiqarishni avtomatlashtirish texnologiyalarini tadqiq qilish uchun labaratoriya ishga tushirilgan.1986 yilda kompaniya dunyodagi ilk DRAM xotirali, 1 megabaytli chipni ishlab chiqqan.
1984 yilda kompaniya muhandisi Fudzio Masuoka flesh-xotirani ixtiro qilgan. 1989 yilda NAND turdagi flesh-xotira namoyish qilingan.
Kompaniya texnologiyalar bilan almashish bo‘yicha standart tajribani qo‘llagan. 1987 yilda AQShdagi eng yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchisi Motorola bilan bitim tuzgan. Ular birgalikda DRAM-xotira va mikroprotsessorlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan kompaniya yaratishga qaror qilishdi. Korxonaga Tohoku Semiconductor nomi berildi.
Hamkorlik tashkilotlar ichida qo‘llashga mo‘ljallangan avtomatik stansiyalar hamda nutqdan taniy oluvchi tizim ishlab chiqishda muvaffaqiyatga erishish imkonini berdi.
1985 yilda Toshiba kompyuter texnikasini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Sord kompaniyasini qo‘lga kiritdi. 1999 yilda Toshiba uning nomini Toshiba Personal Computer System Corporation’ga o‘zgartirdi. Kompaniya kompyuterlar va shu sohadagi qator boshqa texnikalarni ishlab chiqara boshladi. 1986 yilda Toshiba portativ kompyuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Toshiba kompaniyasi IBM Japan bilan hamkorlik bitimini tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning maqsadi yapon bozoridagi IBM kompyuterlari sotuvi bo‘ldi. Kompaniya bu kelishuvdan daromad ko‘rdi – u kompyuterlar bilan birga aloqa sohasidagi shaxsiy uskunalarini sotishni yo‘lga qo‘ydi.
Toshiba telekommunikatsion uskunalar bozori yetakchilaridan biri bo‘lgan. 1986 yilda American Television and Communications Corporation’ga kabel jihozlarini yetkazib berish uchun shartnoma imzolangan.
Tibbiyot texnologiyalari sohasida Toshiba yapon kompaniyalari ichida yetakchi bo‘lgan. Uning ishlanmalari qatorida jigar va buyraklardagi kasalliklarni aniqlashga yo‘naltirilgan qonni kimyoviy tahlil qiluvchi uskunalarni qayd etish mumkin. AQShdagi yetakchi Allied Corporation kimyoviy ishlab chiqaruvchilardan biri kompaniya mijozi bo‘lgan.
Kimyoviy sohada Toshiba’ning muhim ishlanmalaridan biri kran yoqilg‘isini boyitish uskunasidir. Iqlimiy uskunalar sohasida 80-yillarda kompaniya inventor va ikkilamchi ta'sir tamoyili asosida ishlovchi rotatsion kompressorni namoyish qildi.
80-yillar o‘rtasida audio va videomahsulotlar ishlab chiqaruvchi yo‘nalishda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Toshiba bu sohada keng spektrli elektronika mahsulotlarini – magnitafonlardan tortib to videopleyerlargacha ishlab chiqargan. Faoliyatni optimallashtirish uchun sohadagi marketing, ishlab chiqarish, tadqiqot va ishlanmalar uchun mas'ul bo‘limlar qayta tashkil qilingan.
1987 yilda Toshiba yirik xalqaro mojaroga jalb qilindi. Sho‘'ba korxonalardan biri Toshiba Machine 1982-1984 yillar oralig‘ida SSSRga frezer uskunalar sotgan. SSSR va boshqa kommunistik mamlakatlar bilan savdo aloqalari “Eksport nazorat bo‘yicha koordinatsion qo‘mita” tomonidan tartibga solinar edi, Toshiba Machine esa bunday ruxsatga ega bo‘lmagan. Toshiba Machine haqidagi ma'lumot yuzaga chiqqanida kompaniya munozaralar to‘lqini ostida qoldi, uning ikki xodimi esa Yaponiya savdo qonunchiligining buzilgani uchun hibsga olindi.
Bu Toshiba’ning xalqaro nufuziga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi. Savdodagi bunday anglashmovchilik amerikalik kongressmenlarga yoqmadi. Ularning bir qismi Toshiba tomonidan ishlab chiqarilgan radiolarni namoyishkorona sindirib, kompaniya mahsulotiga boykot e'lon qilishga chaqirgan.
Mudofaa vazirligiga Toshiba va uning sho‘'ba korxonalari mahsulotlarini xarid qilish taqiqlangan. Shoichi Saba va kompaniya top-menejmentining bir qismi iste'foga chiqadi.
Sanktsiyalar kiritilgandan keyin Toshiba Machine’ning mamlakatdagi 25 idorasi yopiladi. Bu kompaniya faqat 1992 yilga boribgina yana AQShga mahsulot sota boshladi.
Shoichi Sabadan keyin Toshiba kompaniyasining yangi bosh direktori va prezidenti Dzeiti Aoi bo‘ldi. Kompaniyaning yangi rahbari mantiqiy yo‘l tutdi – u AQShga emas, boshqa mamlakatlar bozoriga chiqa boshladi.
Toshiba Chinese Electronics Import and Export Corporation bilan hamkorlik qilib, XXRga integral sxemalar tayyorlovchi texnologiyani taqdim eta boshladi. 1991 yilda kompaniya Moskvada rangli televizor ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga doir shartnomani qo‘lga kiritdi. Kompaniyadagi qiyinchiliklar Toshiba xodimlarini jipslashtirib, ularning yanada samarali ishlashiga turtki berdi.
Toshiba 1990-yillarda
1990-yillarda kompaniya GE bilan navbatdagi shartnomani imzoladi. Bu safar ikki gigant cho‘g‘lanma iplar ishlab chiqarishga qaror qildi.
Shu davrning o‘zida Toshiba innovatsion kompyuter ekranlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, IBM bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yuritgan. Shuningdek kompaniya Time Warner bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ularning hamkorligi interaktiv kabel televideniyesi sohasigacha kengaygan. 1991 yilda Time Warner’ning 5,6 foiz aksiyasini xarid qilgan.
1995 yilda Toshiba, Time Warner, Hitachi va bir qator boshqa kompaniyalar soha standartiga aylangan DVD disk formatini taklif qilishdi. 1996 yilda Toshiba ilk DVD-ROM-privodlar i DVD-pleyerlarni ishlab chiqardi.
Toshiba boshqa hamkorlarga ham ega bo‘lgan. Ulardan Siemens va IBM bilan hamkorlik aloqalarini qayd etish mumkin.
1996 yilda Tayzo Nisimura kompaniyaning yangi prezidenti bo‘ldi. U kompaniyani yapon inqirozi vaqtida boshqargan. Toshiba talab va narxning pasayishi, shuningdek yarimo‘tkazgichlar va iste'molchi elektronika sohasidagi raqobatning oshishini boshidan o‘tkazdi.
1998 yilning sentabrida Toshiba radikal qayta qurish rejasini taqdim etdi. U 6500 ishchi o‘rinning qisqarishi va shtatning kamayishini o‘zida mujassam qilgan.
Qayta qurish rejasi asosida kompaniyaning ichki tuzilmasi ham o‘zgarib, 15 bo‘lim va 8 biznes-guruhdan tashkil topdi. Direktorlar kengashi 34 kishidan 12 kishiga qisqardi, 1000 sho‘'ba korxona va filiallardan 300 tasigina qoldi.
Toshiba’da mashhur «Olti Sigma» konsepsiyasi qo‘llandi va bu 2000 yilga borib, kompaniyaning 1,3 milliard dollar tejashiga imkon yaratdi.
Toshiba 2000-yillarda. iPod yaratishdagi ishtirok, formatlar jangi
Qabul qilingan choralar kelgusida foyda keltirdi, biroq 1999-2000 moliyaviy yil natijalariga ko‘ra, kompaniyaning yo‘qotishlari 264,2 million dollarni tashkil qildi. 2000 yilda rahbariyatda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Nisimura rais lavozimini egalladi, yangi prezident esa Tadasi Okamura bo‘ldi. Yangi rahbarning vaziyatni yaxshilashi, daromadlarni qaytarish va bozordagi pozitsiyani tiklashi kutilgandi, biroq vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmadi.
Okamura ham vaziyatni yaxshilash uchun shtatni qisqartirish hisobiga o‘sishni rejalashtirdi. U xodimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qildi – elektron pochta orqali maktublar yo‘lladi, zavod bo‘limlariga borib, xodimlar bilan shaxsan suhbatlashdi.
Bir necha yillik yo‘qotishlardan keyin 2000 yil o‘rtalarida kompaniya o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshiladi.
2000-yillar mobaynida kompaniya bir necha hamkorlik loyihalarini amalga oshirdi va qator innovatsiyalarni ishlab chiqardi. Jobsning qaytishidan so‘ng Toshiba Apple’ga mahsulot yetkazib beruvchilardan biri bo‘lib qoldi.
2000 yilda birinchi iPod loyihasini yaratish ishlari boshlandi. Bu ish uchun Jon Rubinshteyn mas'ul edi, u iPod yaratish uchun kichik, lekin juda sig‘imli qattiq disk kerakligi muammosiga duch keldi.
2001 yilda Rubinshteyn Yaponiyadagi kompaniya yetkazib beruvchilari bilan uchrashdi. Unda Toshiba muhandislari o‘zlarining eng yangi ishlanmalarini namoyish qilishdi va bu borada hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
2002 yilda DVD-HD va Blu-Ray formatlari jangi boshlandi. Toshiba uning eng muhim ishtirokchilaridan biriga aylandi. Hammasi nimadan boshlandi? Bir qator texnologiya kompaniyalari - Sony, Matsushita, LG, Pionneer, Philips, Samsung 2002 yilning qishki mavsumida Blu-Ray formatini rasman taqdim etishdi. Kuzda Toshiba va NEC o‘z formati – AOD (keyinchalik HD-DVD deb ataldi)ni namoyish qildi. Ikki holatda ham texnologiyalar uchun ulkan mablag‘lar sarflangandi.
Bu jangdagi g‘oliblarni oddiy foydalanuvchilar emas, Blu-Ray’ni tanlagan kinostudiyalar belgilab berishdi. 2008 yilda Toshiba DVD-HD formatidan voz kechib, mag‘lubiyatni tan oldi.
Shu davrda kompaniyaning uyali telefonlar lineykasi rivojlanishda davom etdi. Toshiba bu bozorga 90-yillarda kirib kelgan edi. 1996 yilda kompaniya Hagenuk Telecom bilan hamkorlikda GSM tarmog‘ida ishlovchi birinchi uyali telefon — TCP-6000’ni namoyish qildi. 2001 yilda Toshiba NTT-DoCoMo mobil operatori ko‘rinishidagi mijozga ega bo‘ldi va u uchun telefonlar ishlab chiqara boshladi.
2002 yilda Mitsubishi bilan 3G tarmoqdagi telefonlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan shartnoma imzolandi. 2000-yillar davomida kompaniya telefonlarning keng assortimentini ishlab chiqardi, baholar esa turlicha bo‘lgan. 2009 yilda Yaponiyada mobil telefonlarga talabning kamligi tufayli bu yo‘nalishdan voz kechilgan, faqatgina Xitoydagi zavod telefon ishlab chiqarishda davom etgan.
2010 yilda kompaniya o‘z mobil bo‘limini Fujitsu bilan birlashtirdi. Ularning umumiy korxonasi Fujitsu Toshiba Mobile Communications nomini oldi. Ular 2012 yilga qadar kompaniyani birga boshqarishdi, oxir-oqibat Fujitsu Toshiba’ning ulushini sotib oldi.
2009 yilda bu kompaniyalar boshqa sohada – qattiq disklar ishlab chiqarishda hamkorlik qilishgan. Shu tariqa ular Toshiba Storage Device kompaniyasiga asos solishgan. Ulushlar esa taqsimlangan: Toshiba – 80,9 foiz, Fujitsu – 19,1 foiz. 2010 yilning 30 dekabrida Toshiba Fujitsu’ning aksiyalar paketini sotib oladi.
2006 yilda Okamura o‘z lavozimini tark etib, uni Atsutosi Nisidega topshiradi. Okamura bu tanlovni o‘zi amalga oshiradi.
Nisidaning asosiy qarorlaridan biri - 2006 yilda 5,4 milliard dollarga Westinghouse Electric xaridi bo‘ldi. Konglomeratning bu qismi yadroviy energetikaga e'tibor qaratdi.
2009 yilda kompaniya boshqaruviga Norio Sasaki keladi. Uning eng muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan sohasi yadroviy energetika bo‘ldi. Sasaki shu soha mutaxassisi bo‘lgan va Westinghouse’ni qo‘lga kiritishda bevosita ishtirok etgan.
Toshiba 2010-yillarda. Konglomerat yopilish arafasida
Sasaki boshchiligida kompaniya boshqa sohalarini ham kengaytirdi. Mitsubishi elektrokarlari uchun batareyalar ishlab chiqarish shular jumlasidandir.
2011 yilda yadroviy energetika sohasida muammolar paydo bo‘ldi. Toshiba uchinchi va beshinchi energoblokini qurgan «Fukusima-1» AES avariyasi daromadning kamayishi va bozordagi vaziyatning yomonlashuviga olib keldi.
Kompaniya qiyinchiliklarni yengib o‘tish maqsadida 2011 yilda smart-tarmoqlar bozoriga chiqdi, u Shveytsariyaning Landis + Gyr kompaniyasini 2,3 milliard dollarga xarid qildi. Toshiba’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin o‘n yillikda bu bozor olti karra o‘sishi va 70,9 milliard dollarga yetishi kerak edi, qaror o‘zini oqladi.
2012 yilda Toshiba 850 million dollarga IBM’ning POS-tizimlar (kassirlar tomonidan foydalaniladigan maxsus dasturiy qurilmalar kompleksi) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishini sotib oldi. 2014 yilda Amerikaning OCZ Storage Solutions kompaniyasi xarid qilindi.
2014 yilda Toshiba robot texnikasi sohasidagi innovatsiyasini namoyish etdi. Kompaniya muhandislari odamsimon Ayko Tixira android-robotni yaratishdi.
Toshiba’ning so‘nggi vaqtdagi yuqori texnologik ishlanmalari haqida gap ketganda, 4K qarorli 3D-UHD-ekranni qayd etish lozim. Uni tomosha qilish uchun maxsus ko‘zoynak talab qilinmaydi. Toshiba ushbu texnologiyani mobil telefonlarda qo‘llamoqchi.
Kompaniya 3D-ko‘zoynaklar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. 2014 yilda u smartfon, kompyuter va planshetlar bilan birga ishlovchi “aqlli” ko‘zoynaklarni taqdim etdi.
2013 yilda Toshiba kompaniyasi direktori lavozimini Xisao Tanaka egalladi. Unga energetika sohasi va chip ishlab chiqarishni rivojlantirish, kompyuter biznesini qayta tashkillashtirish, xarajatlarni qisqartirish va daromadni ko‘paytirish vazifalari yuklangandi.
2015 yilda Toshiba’ning olti yil davomida o‘z daromad summasini 1,3 milliard dollarga oshirib kelgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Bu mojaro Tanaka, rais o‘rinbosari Sasaki va maslahtchi lavozimini saqlab qolgan Nisidalarning iste'fosiga sabab bo‘ldi. Kompaniyaning vaqtinchalik rahbari etib tayinlangan Masati Muromati aksionerlardan rasman uzr so‘radi va bunday vaziyat takrorlanmasligi uchun maxsus komissiya choralar ko‘rishiga va'da berdi.
2015-2016 moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning kamomadi 6,2 milliard dollarni tashkil qildi. 2016 yilning martida kompaniyaning tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi Toshiba Medical Systems bo‘limi Sanon’ga sotildi.
2016 yilda maishiy texnika yo‘nalishi Lifestyle Products & Services 473 million dollarga Midea’ga sotildi.
Shu yilning o‘zida kompaniya 1300 xodimini qisqartirdi. Kompaniya korporativ yo‘nalishda keng ko‘lamdagi kompyuter texnikasi – PKdan to planshetlargacha ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
2016 yilning iyunida kompaniyaning bosh direktori lavozimini Satosi Tsunakava egalladi. Konglomeratning bundan keyingi taraqqiyoti uning zimmasiga yuklandi. Uning asosiy muammosi – Westinghouse bo‘ldi. Oxir-oqibat 2017 yilning 29 martida Toshiba kompaniyasi Westinghouse’ning bankrotligini tasdiqladi.
Hozirda kompaniyaning yillik kamomadi 9,2 milliardga,salb aksionerlik kapitali esa 620 milliard iyenaga yetishi mumkin - bu Toshiba’ning prognozlari.
2017 yilning yanvar oyi oxirida Toshiba vaziyatni to‘g‘irlash uchun biznesning alohida bo‘limlarini sotishga tayyor ekani ma'lum qilindi.