O‘zbekiston yanvar-mart oylarida 611,47 mln dollarlik zayom kelishuvlarini imzoladi

Iqtisodiyot 09:46 / 21.04.2017 4921

O‘zbekiston hukumati 2017 yil birinchi choragida xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar bilan 611,47 mln dollarlik zayom kelishuvlarini imzoladi. Loyihalarning umumiy qiymati 845,48 mln dollarni tashkil etadi. Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston birgina Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan 572,9 mln dollarlik 4ta bitimni imzoladi. 

Shu jumladan, O‘zbekiston «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi uchun OTBning 100 mln dollar mablag‘ini jalb etdi. Loyiha qiymati 133,3 mln dollarni tashkil etadi.

OTB, shunindek, umumiy qiymati 266,2 mln dollar bo‘lgan «“Qarshi-Shahrisabz-Kitob” yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish» loyihasiga 198 mln dollar mablag‘ ajratdi. 

O‘zbekiston va OTB hamkorlikda «Toshkent viloyati shahar va tumanlarini suv bilan ta'minlash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish (1-bosqich)»loyihasini ham amalga oshirmoqda. 143,8 mln dollarlik loyihada OTB hissasi 120,9 mln dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, OTB 240,9 mln dollarlik «Meva-sabzavot yetishtirish sohasida qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish uchun 154 mln dollar kredit taqdim etdi. 

2017 yil birinchi choragida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro fondi O‘zbekistonga 23,87 mln dollarlik kredit va 0,7 mln dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratdi. Bular 40,57 mln dollarlik «O‘zbekiston sut yetishtirish sohasida qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish» loyihasiga yo‘naltiriladi. 

O‘zbekiston va Jahon banki «Orol dengizii havzasi uchun iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturi»ni amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Loyiha qiymati 20,71 mln dollar bo‘lib, Jahon banki mablag‘lari 14 mln dollarni tashkil etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: