Video: Toshkentdagi 7-tug‘uruq kompleksi yo‘llari homiladorlarga xavf solmoqda

Jamiyat 19:35 / 18.04.2017 17647

O‘zbekistonda ona va bola salomatligi, kelajak avlod haqida qayg‘urish, shu maqsadda homilador ayollar uchun ham qulay sharoitlar barpo qilish davlat siyosatiga ko‘tarilgan. Bu borada qator qaror va farmonlar qabul qilinmoqda. Bir necha yillar aynan Ona va bola bilan bog‘liq ravishda nomlandi. Bir necha oy muqaddam, homilador ayollar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan bepul vitaminlar taqdim etishga qaror qilingani ham fikrimiz isbotidir. 

Biroq, jamiyatimizda ko‘zga tashlanadigan ayrim holatlar mazkur qilinayotgan ishlarga soya tashlab turadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda, bevosita soha xodimlariga bog‘liq bo‘lmagan jihatlar ham talaygina. Xususan, Toshkent shahridagi Chilonzor tumani 7-sonli tug‘uruq kompleksi ko‘plab oilalarning quvonchli onlariga guvoh bo‘lgani aniq. Ammo, ushbu maskanga olib keluvchi yagona yo‘l achinarli ahvolda ekani, uning Lutfiy ko‘chasi tomondan va Qatortol savdo markazi tomondan kirib kelishda homilador ayollar va tug‘ilajak farzand hayotiga xavf soladigan darajada o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketganini qanday izohlash mumkin? 

Kun.uz tahririyatiga o‘quvchilarimizdan biri yo‘llagan videolavhada yo‘lning holati aks etgan. Muallifning izoh berishicha, mazkur tug‘uruq kompleksiga, asosan, homilasi tushib qolish xavfi bo‘lgan homilador ayollar davolanish uchun yuboriladi. Shu o‘rinda, yana bir savol tug‘iladi: homilasidan ajrab qolmaslik va yoxud bir norasidani, eng asosiysi, O‘zbekistonning bo‘lajak fuqarosi, vatandoshimizni dunyoga keltirish umidida shifoxonaga yo‘l olgan ayol sho‘rlik, bu yerga yetib kelmasidanoq, yo‘lning o‘zida og‘ir sinovga duchor bo‘lib turishini qanday so‘z bilan izohlash mumkin? Bu yo‘lda harakatlanib kelayotgan eng yumshoq transport vositasi ham agar uchar avtomobil bo‘lmasa, homilador ayol ahvolini yomonlashtirsa, yomonlashtiradiki, aslo buning aksi haqida o‘ylash xomxayoldir. 

Javobsiz qolayotgan savollar yangi savollarni paydo qiladi. Nahotki, ushbu tuman hokimiyati yoki yo‘l xizmati idoralari, yo bo‘lmasa huquq-tartibot idoralarida ishlovchi biror xodim mazkur ko‘chadan o‘tmagan yoki mutasaddi tashkilot vakillari shu yo‘lning ahvolidan xabarsiz bo‘lsa? Nahotki, ushbu tug‘ruq kompleksida ishlovchi shifokorlar, rahbarlar mazkur yo‘l ahvoli yuzasidan mas'ul idoralarga murojaat qilmagan? Yoxud, bevosita shu hududga tutash turarjoylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, mahalla oqsoqollari ham shunchalik bee'tibormikin? “Sen menga tegma, men senga tegmayin” illatidan, ta'bir joiz bo‘lsa, Vatan ravnaqiga bo‘lgan eng katta to‘siqdan qachon qutilamiz?...

Nima ham derdik, Kun.uz tahririyati mazkur muammo yuzasidan mutasaddi tashkilotlar idoralari holatni joyida o‘rganib, ijobiy hal qiladi, degan ishonch bildiradi. O‘ylaymizki, yaqin orada, biz ushbu kompleksga boradigan yo‘lning to‘liq kapital ta'mirlangani haqida xabar beramiz. 

Ko‘proq yangiliklar: