Zamonaviy tibbiyotda o‘z vaqtidagi diagnostika va monitoring o‘ta muhim o‘rin tutadi. Biroq aksariyat xastaliklar sog‘liq holatini doimiy kuzatib turish uchun ancha murakkab qurilmalarni talab etadi. Hayot sifatini yaxshilash maqsadida borgan sari aqlliroq bo‘lgan gadjyetlar ishlab chiqarilmoqda. Yaqinda esa yurak ishlashi ko‘rsatkichlarini qayd etadigan “aqlli futbolka” nusxasi taqdim etildi. Shunisi qiziqki, uni Rossiyaning Chelyabinsk shahridagi 97-litsey o‘quvchisi yaratdi.
EKG-futbolka ancha qiziq tarzda yaratilgan bo‘lib, unga maxsus mikrochipga ega tok o‘tkazuvchi mato asos qilib olingan. U yurak mushaklari qisqarish jarayonida kelib chiquvchi turli holatlarni ro‘yxatga olib boradi. Olingan ma'lumot esa real vaqt rejimida smartfonga kelib tushadi. Smartfonda o‘rnatilgan ilova kelib tushayotgan ma'lumotlarni kuzatib boradi hamda foydalanuvchiga normal holatdan biroz chetlashish qayd etilsa, kardiologga murojaat etishni tavsiya qiladi. Futbolkalar yaqin vaqt ichida ishlab chiqarilishi mumkin.