O‘zbekiston Qozog‘istonga konservalangan palov eksport qiladi

Iqtisodiyot 17:20 / 28.03.2017 9619

"Unison Group" mas'uliyati cheklangan jamiyati Qozog‘istonga qariyb 1 million dollarlik konservalangan palov yetkazib beradi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasi yozmoqda.

“Ostona shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasidagi ishtirokimiz g‘oyat samarali bo‘ldi. Unda biz Qozog‘istonning ko‘plab ishbilarmonlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘ldik. Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida kompaniyamiz Qozog‘istonning “Agro Max Astana”, “Darjan Grupp” va boshqa qator savdo majmualari bilan konservalangan o‘zbek palovi yetkazib berish bo‘yicha qariyb 1 million dollarlik shartnoma imzoladi”, - deydi «Unison Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rumiya Abaydulina.

Uning qayd etishicha, mahsulotga Qozog‘istonning qator savdo korxonalari tomonidan talab tobora ortib bormoqda. Jamg‘arma mahsulot reklamasini ta'minlash bilan bir qatorda uning eksportini amalga oshirish uchun 250 million so‘m miqdorida foizsiz moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Bu mahsulotlarni xorijiy hamkorlarga tez va sifatli yetkazib berishga hamda ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga zamin yaratmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: