Qatar Brexit’dan keyin Britaniyaga 5 mlrd funt sterling berishga va'da qildi

Iqtisodiyot 20:17 / 27.03.2017 5191

Qatar Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga 5 mlrd funt sterling investitsiya kiritmoqchi, deb ma'lum qildi Qatar moliya vaziri Ali Sharif al-Omadiy.

Al-Omadiy buni Brexit jarayoni boshlanishiga ikki kun qolganda aytdi. Brexit Yevropaning ba'zi kompaniyalarining Britaniyada ishlash bo‘yicha rejalarni qayta ko‘rib chiqish yoki umuman bosh ofislarini qit'adagi Yevropaga ko‘chirib o‘tkazish haqida bayonot berishlariga sabab bo‘ldi.    

"Keyingi 3-5 yil ichida Qatar Britaniyaga 5 mlrd funt sterling investitsiya qiladi", deb aytdi Al-Omadiy 27 mart kuni Londonda o‘tgan Qatar investitsion forumida.

Avvalroq shu forumda Britaniyaning xalqaro savdo vaziri Liam Foks Qatar bilan savdo operatsiyalarini eksport moliyalashtirishni 4,5 mlrd funt sterlinggacha oshirishga va'da bergandi. O‘z navbatida, Qatar bosh vaziri Abdulla ibn Nasir al Taniy Britaniyani Qatar investitsiyalari uchun ustuvor davlat deb atadi.

Bir necha kun avval Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Yaqin Sharq davlatlari Britaniya uchun bosh iqtisodiy hamkorlarga aylanishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: