Venesuelada inqiroz kuchaymoqda: mamlakatda non tanqisligi

Iqtisodiyot 08:23 / 22.03.2017 7309

Venesuela hukumati armiya bilan birgalikda novvoyxona va non do‘konlarini nazoratga ola boshladi, ular ishlab chiqarishni tiklash hamda mamlakatdagi non tanqisligi muammosini shu tariqa hal etish niyatida, deb xabar bermoqda Nacional portali.

Venesuelaning aholi ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha superintendanti (armiyada moddiy ta'minot xizmatini bajaruvchi harbiy xodim) Uilyam Kontrerasning seshanba kuni xabar qilishicha, hukumat tomonidan nazorat rejimi 90 kun davom etadi hamda faqatgina poytaxt Karakasning o‘zida bu yuzlab novvoyxonalarni o‘ziga qamrab olishi mumkin. Shu bilan birga, u non sotish bo‘yicha belgilangan qoidalarni buzgan ishlab chiqaruvchilar biznesidan mahrum etilishi mumkinligini ham aytib o‘tdi, deya ta'kidlaydi Nacional portali. 

Non ta'minoti bilan bog‘liq og‘ir vaziyat do‘konlardagi katta navbatlarga sabab bo‘ldi. Hukumatning fikricha, novvoylar arzon non pishirmaslik uchun un zaxirasini atayin berkitishmoqda.

Avvalroq Venesuela hukumati xuddi shu yo‘l bilan narx-navo oshishiga qarshi kurashmoqchi bo‘lgandi. Shu tariqa, 2015 yilda davlat Dia Dia xususiy do‘konlar tarmog‘i ustidan nazorat o‘rnatdi.

Venesuelada baland narxlar bilan kurash bo‘yicha kampaniya 2013 yilda boshlandi. O‘shanda Daka tarmog‘i musodara qilindi, uning barcha mahsulotlari sotib yuborildi. Tarmoq rahbariyati esa hibsga olindi. Hukumat ma'lumotiga ko‘ra, Daka’dagi mahsulotlar aslida xarid qilingan narxidan ming foizga qimmatroqqa sotilgan. Mamlakatdagi ichki qoidalarga ko‘ra, qo‘shimcha narx qo‘yish miqdori 30 foizdan oshmasligi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: