Rossiyadan O‘zbekistonga 2016 yilda qancha pul yuborilgani ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 08:16 / 21.03.2017 47227

2016 yilda jismoniy shaxslar tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga kredit tashkilotlari (banklar va nobank kredit tashkilotlari), jumladan ANELIK, BLIZKO, CONTACT, InterExpress, Vestern Yunion, Zolotaya Korona, Sberbank (Kolibri), Mejdunarodnyye Denejnyye Perevody LIDeR,  YuNISTRIM to‘lov tizimlari orqali yuborilgan umumiy pullar miqdori 2,741 mlrd dollarni tashkil qildi. Ushbu qiymat bu borada eng yuqori ko‘rsatkich qayd qilingan 2013 yilgidan deyarli 60 foiz kamroqni tashkil qilgan. Bundan Rossiya Markaziy banki saytida joylashtirilgan ma'lumotlar darak bermoqda.    

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha yetakchi hisoblanadi va Rossiyaning barcha kontragent davlatlari (o‘zaro tashqi savdo aylanmasi amalga oshiruvchi davlatlar) orasida Shveytsariyadan keyin (5,1 mlrd dollar) 2-o‘rinni egallamoqda. Rossiya Markaziy banki ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 2016 yilning 1-choragida 378 mln dollar (MDHda 1-o‘rin), 2-chorakda – 696 mln dollar (1), 3-chorakda – 939 mln dollar (1) va 4-chorakda 728 mln dollar (1) jo‘natilgan. 

2016 yil natijalariga ko‘ra, bir pul o‘tkazmasining o‘rtacha qiymati 279 dollarni tashkil qilgan. 

2016 yilda MDH davlatlari orasida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha 2-o‘rinni Tojikiston (1,929 mlrd dollar), 3-o‘rinni Qirg‘iziston (1,743 mlrd dollar) va 4-o‘rinni Ukraina (1,003 mlrd dollar) egallagan.

Rossiyada 2013 yildan beri birinchi marta netto-migratsiya (davlatga kelayotgan va undan ketayotgan odamlar soni) osha boshladi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, migratsiya hajmi bo‘yicha 2014 yilda qayd qilingan eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan oxirgi 3 yil ichida Rossiyada asosiy mehnat migratsiyasi donor-davlatlari fuqarolari soni: O‘zbekistondan 30 foizga, Tojikistondan 13 foizga kamaygan. Shuningdek, 3 yil ichida Ozarboyjon va Moldovadan kelgan muhojirlar soni ham qisqargan.       

Ko‘proq yangiliklar: