BlackBerry egasi klaviaturali Android-smartfonni taqdim etdi

Fan-texnika 14:42 / 28.02.2017 9597

Xitoyning TCL kompaniyasi MWC-2017 ko‘rgazmasida klaviaturali Android-smartfonni namoyish qildi. Ushbu kompaniya BlackBerry nomi ostida telefonlar ishlab chiqarish huquqiga ega. Telefon BlackBerry KeyOne deb nomlanadi va 549 AQSh dollariga yaqin turadi, deb yozadi Business Insider.

Qurilmaga joylashtirilgan klaviatura o‘ziga xos sensorlik vazifasini ham bajaradi. Masalan, kaftingizni klaviatura uzra yon tomonga harakatlantirish bilan suratlarni o‘tkazish mumkin. Probelga barmoq izining skaneri joylashtirilgan. Bundan tashqari, har bir tugmachaga ma'lum bir ilovani biriktirsa bo‘ladi. Jumladan, «S» harfi uzoq bosilsa, Snapchat ilovasi ishga tushadi. 

Smartfon 4,5-dyuymli, 1620*1080 pikselli ekranga ega. Business Insider nashrining yozishicha, bu zamonaviy smartfonlar bozoridagi eng kichik ekranlardan biridir. 

KeyOne o‘rta darajadagi Qualcomm Snapdragon 625 protsessoridaa ishlaydi. Biroq, 3500 mA/soatlik batareya uning ancha uzoq vaqt ishlashini ta'minlashi kerak. Smartfonga, shuningdek, 3 Gb operativ, 32 Gb ichki xotira o‘rnatilgan, bunda ichki xotirani microSD yordamida 2 Tbga yetkazish mumkin. Asosiy kamera 12, old kamera 8 megapikselli. 

Yangi telefon Android 7.1 Nougat dasturiy ta'minotida ishlaydi. Unga BlackBerry ilovalari, misol uchun BlackBerry Messenger ham o‘rnatiladi. 

TCL BlackBerry KeyOne telefonini shu yil apreldan sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: