HSBC bankining daromadi 4,4 marta tushib ketdi

Iqtisodiyot 12:17 / 21.02.2017 4106

Yevropaning HSBC Holdings bankining 2016 yildagi sof daromadi 4,4 marta pasayib, 3,45 mlrd dollarni tashkil etgan. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 15,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bank amaliyotidan tushgan foyda 3,4 martaga kamayib, u ham raqamlarda 3,45 mlrd dollardan iborat bo‘lgan. 

HSBC bosh direktori Styuart Gulliverning bayonot berishicha, ko‘rsatkichlarning pasayishiga 2016 yilda ro‘y bergan «qator yirik hodisalar» sababdir. Xususan, Yevropadagi Global Private Banking bo‘limi qarzlaridan voz kechilishi, Braziliyadagi biznesni sotishdan ko‘rilgan zarar, HSBC biznesini strategiyaga moslashtirish bo‘yicha xarajatlar shular jumlasiga kiradi. Hisobotda, shuningdek, joriy yilda jahon iqtisodiyotiga xavf solayotgan tahdidlar haqida so‘z yuritilgan. 

Bank hisobotida Yevropa borasida shunday deyiladi: 

«Yevropa davlatlari siyosiy keskinlik kuchayishiga duch keladi, ular migratsiya, terrorizm hamda Rossiya bilan munosabatlar keskinlashuvining kuchayishiga doir xavotirlarga uchraydi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya va YeI o‘rtasidagi bo‘lg‘usi munosabatlarning noaniqligi ham salbiy omil bo‘lib xizmat qiladi. 2017 yildagi Germaniya, Fransiya, Niderlandiya va katta ehtimol bilan Italiyadagi saylovlar noaniqlikni kuchaytiradi». 

Ushbu hisobot e'lon qilinganidan so‘ng, bank aksiyalari narxi 1 foizga qimmatlashgan. 

Ko‘proq yangiliklar: