Rustam Azimov prezidentning Moskvaga safari haqidagi xabarlarni tasdiqladi

O‘zbekiston 16:49 / 15.02.2017 40050

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov OAVda mamlakat prezidentining Rossiyaga rasmiy tashrif bilan borishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida tarqalgan xabarlarni tasdiqladi. Bu haqda Kun muxbirlari ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning o‘n sakkizinchi majlisi vaqtida ma'lum qilingan.

«Mazkur komissiya yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Rossiyaga aprel oyida uyushtiradigan davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonining asosiy bosqichi sanaladi», — degan Rustam Azimov.

Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak tashrifi uning yangi lavozimga rasman kirishganidan keyingi ilk tashrif bo‘lishi va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi ta'kidlandi.

Bundan oldinroq O‘zbekiston prezidenti shu yilning aprelida Moskvaga rasmiy tashrif bilan borishi haqida xabarlar berilgandi. Tashrifning aniq sanasi haqida ma'lumot yo‘q, ba'zi manbalarga ko‘ra, bu tashrif 5 aprel kuni amalga oshiriladi.

Ayni vaqtda prezidentning Rossiyaga safariga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborilgan. Shavkat Mirziyoyev Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazishdan tashqari, Davlat dumasi vakillari bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: