Dunyoning eng badavlat kishilardan biri, Amerikaning Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts Xitoydagi eng mashhur WeChat ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy akkauntini yaratdi. Ushbu sahifaga joylashtirilgan birinchi material kichik 30 soniyali klip bo‘ldi. TASS agentligi shu haqida xabar berdi.
Geyts xitoy tilida internet foydalanuvchilariga shaxsiy blogini ochgani haqida xabar berdi, shundan so‘ng o‘zi odatlangan ingliz tiliga o‘tdi. Hozirga kelib milliarderning qiziqishlari va shaxsiy hayotiga oid shaxsiy sahifasini 100 mingdan ziyod kishi "ziyorat" qilgan.
"Men bu yerda o‘zim uchratgan odamlar, o‘qigan kitoblarim va hayotdan olgan saboqlarim haqidagi ma'lumotlarni joylab boraman. Umid qilamanki, sizlar ham muhokamalarimizga qo‘shilasiz", - deyiladi ishbilarmonning sahifasida.
Bugungi kunga kelib, WeChat foydalanuvchilari soni taxminan 900 million kishini tashkil qiladi. Ulardan 70 millioni XXR tashqarisida istiqomat qiluvchilardir. Bu ijtimoiy tarmoq surat va videolarni bepul yo‘llash, ovozli va matnli xabarlar yo‘llash orqali muloqot qilish imkonini beradi.