Andijon viloyati hokimi dorixonalar rahbarlarini ogohlantirdi

Jamiyat 08:03 / 13.02.2017 21409

Barchamizga ma'lumki respublikamizda aholining sifatli dori-darmon vositalariga bo‘lgan talabini qondirish, dorixonalar faoliyatini talab darajasida yuritish masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Andijonda ushbu sohani aholi uchun maqbul darajaga keltirishga jiddiy kirishilgan.
 
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Qishloq ho‘jaligi institutining katta zalida hududda ish olib borayotgan xususiy dorixonalar vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda sohaga aloqador barcha mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdilar. 

“Mazkur masala bo‘yicha aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida shu narsa aniqlandiki, fuqarolar oziq-ovqat, sanoat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlari narxlari mo‘tadil ekanligi, lekin dori-darmonlar narxlarini qimmatligi haqida o‘z fikrlarini bildirishgan bo‘lib, hozirgi kunda xususiy dorixonalardagi tibbiy vositalar narxi “Dori-darmon” AK dorixonlariga nisbatan o‘rtacha 25 foiz yuqoriligi aniqlangan”,-dedi o‘z so‘zida viloyat hokimi. 

Majlisda  yuqoridagi salbiy holatlardan kelib chiqib, viloyatda Prezidentimizning “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.  Shu yilning yanvar-fevral oylarida Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti hamda ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tahliliy tadbirlarda tuman va shaharlarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator dorixonalarda qabul qilingan talablar buzilayotgani aniqlangan. Yuqoridagi dorixonalarning rahbarlari bir necha marta ogohlantirishlariga qaramay yetarli xulosa chiqarmaganliklari uchun ularga belgilangan tartibda litsenziyalarini bekor qilish yuzasidan taqdimnomalar kiritilganligi aytildi.

Viloyat hokimi yuqoridagi holatlar bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etgan dorixonalar rahbarlari o‘zlari uchun yetarli xulosa chiqarmasalar keskin choralar ko‘rilishini ta'kidladi. Shundan so‘ng soha vakillari tomonidan berilgan savollarga mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli javoblar berildi.          
 
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: