Aholi muammosini kim va qachon hal qiladi?

O‘zbekiston 16:42 / 31.12.2016 85569

Kayfiyat juda ko‘p narsani hal etadi. Biror bir xonadonda bayram dasturxoni tuzatilsa-yu, ammo uy sohiblarining kayfiyati yaxshi bo‘lmasa, noz-ne'matlar ham, bayram shukuhi ham bir pul bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bayramni oila davrasida kutib olishga zo‘r ishtiyoq bilan hozirlik ko‘rdingiz. Shirin taomlar pishirildi, o‘zingiz ham bayramga monand kayfiyatda yuribsiz, ammo... Birdan chiroq o‘chib qoldi. Ana yonadi, mana yonadi, deb kutib o‘tiribsiz, biroq... 

Bu mavzuga yana bir bor qo‘l urishimizga tahririyatimizga yo‘llangan murojaat sabab bo‘ldi. Xorazmlik bir o‘quvchimiz bizga quyidagi maktubni yo‘lladi:

“Hurmatli Kun.uz ijodkorlari. Sizlarga murojaat qilishimdan maqsad shuki, ayrim mansabdor shaxslar o‘z ishlarini bilib bajarishmayapti. Prezidentimiz “xalqqa gaz, chiroq beraylik”, deb aytayaptilar. Ammo hududlarda bu ishlar zimmasida bo‘lgan shaxslar bu gaplarga beparvo qaramoqda. 

Xorazm viloyatining Xiva shaxrida chiroq yo‘q. Bo‘lsa ham ikki yoki uch soat beradi. Qarzdorlik tufayli shunday bo‘lyapti, desak bunday holat umuman kuzatilmaydi. Avtomobillar harakatlanayotgan ko‘chalarda svetaforlar chiroq yo‘qligi sabab ishlamaydi. Haydovchilar o‘z bilganicha harakatlanishadi. Odam bu yo‘llarda yurishga qo‘rqadi. Iltimos, mana shu maktubimni chop eting, zero mansabdor shaxslar o‘z vazifalarini astoydil bajarishsin.

Behzod Allayarov”. 

Biz mazkur masala yuzasidan Xorazm elektr ta'minoti korxonasi bilan bog‘langanimizda u yerdagi mutaxassis yuqoridagi holat yuzasidan muammolar borligini tan oldi hamda elektr ta'minotidagi uzilishlarni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga asosiy sabablardan biri ushbu viloyatdagi suv tanqisligi ekan. Shuningdek, bayram kunlarida bunday holatlarning oldini olish uchun kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar ham berilgani aytildi. Bunda asosan ishlab chiqarish korxonalari hisobidan aholini elektr quvvati bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, bugun shanba, bundan tashqari bayram arafasi bo‘lganiga qaramay, biz bog‘langan barcha xodimlar o‘z ish joylarida ekanligi alohida tahsinga loyiq. 

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, kundalik hayotda holat umuman olganda unchalik yaxshi emas. Viloyatda har kuni bosqichma-bosqich 2-3 soatga chiroq o‘chirib qo‘yiladi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ob-havo yanada sovuqlashsa bunday vaqt 8-10 soatga qadar ham cho‘zilishi mumkin. Shuningdek, biz bilan muloqotda bo‘lgan soha mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda bu borada yangi loyihalar ishlab chiqilishi hamda jiddiy, ijobiy ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Gap faqat Xorazm viloyatida emas. O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham istaymizmi yo‘qmi, ana shunday ko‘ngilsizliklar uchrab turibdi. Biroz tin olib fikr yuritaylik, zamonaviy dunyoda erishilayotgan eng so‘nggi yutuqlar, kashfiyotlarning barchasi mana shu elektr ta'minotiga uzviy bog‘liq. Bundan kelib chiqadiki, jamiyatning ham, davlatning ham taraqqiyoti shu holatga borib taqaladi. 

Davlatimiz rahbari 2017 yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilingani munosabati bilan bu borada mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari oldida turgan vazifalarga alohida e'tibor qaratdi. 

Bayram kunida dilni xira qilish niyatimiz yo‘q. Ammo boshqalar ham bayram qilishni istaydi. O‘ylaymizki, kelajakda bu kabi muammolar o‘z vaqtida ijobiy hal etiladi…

Tahririyat nomidan shuni aytmoqchimizki, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bugun yoki kecha paydo bo‘lmagan va bu narsa faqatgina yuqorida tilga olingan Xorazm viloyatida emas, balki turli viloyatlarda qishki mavsumda oz-ozdan kuzatib turiladi. Yangi yilda hukumatimizda shaklangan yangi jamoa o‘zining yangicha yondashuvlari bilan masalani tezroq hal etishlariga ishonch bildirib qolamiz. Zero, aholining tabiiy ehtiyojlarini qondirish birinchi darajali vazifa bo‘lib qolishi shart. Biz esa ushbu maqola yordamida umumiy masalani ko‘tarishga harakat qildik.

Shu bilan bir qatorda, viloyatlardagi mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlaridan aholining bu boradagi murojaatlariga jiddiylik bilan yondashib, ularga amaliy ko‘mak berishga chaqirib qolamiz. Zero, jurnalist faqatgina ma'lum bir tadbirlarni yoritish bilan cheklanib qoladigan soha xodimi emas. Jurnalist aslida davlat va xalq o‘rtasidagi vositachiga aylanishi lozim. 

Shu kabi xat jo‘natuvchilar diqqatiga! Bunday holatlar yuzasidan shikoyat va murojaatlarni viloyat hokimligiga yo‘llashingiz mumkin. Agarda shundan so‘ng ham muammo o‘z yechimini topmasa - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llashingiz mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning barcha shahar va tumanlarida Prezident Xalq qabulxonalari ham tuziladi.

Ko‘proq yangiliklar: