O‘zbekistonda onlayn savdo va uning ahamiyati

Fan-texnika 17:44 / 27.12.2016 35652

2016 yilning yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 31,5 million nafar kishidan oshgan va shu yilning sentabr oyida o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari 13 milliondan ortiqligi qayd etilgan.

UZ domenidagi saytlar ko‘rsatayotgan ma'lumotlar O‘zbekistonda internetdan faol foydalanadiganlarning o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi — 25-34 ekanligini ma'lum qilinadi. Undan keyingi o‘rinlarda — 35-50 yoshlilar o‘rin egallagan.

Bu esa tadbirkorlik tilida — ayni xaridni amalga oshiradiganlar yoshi hisoblanadi. Demak, O‘zbekiston bozorida onlayn savdo uchun yaxshi muhit paydo bo‘lib ulgurgan.

Quyida onlayn savdoning ahamiyati va uni yuritishda O‘zbekistondagi imkoniyatlar haqida so‘z olib boramiz.

Nima uchun onlayn savdodan foydalanish kerak?

Onlayn savdo deganda, internet tarmog‘i orqali mahsulotlarni sotish yoki xizmat ko‘rsatish tushuniladi. Bugungi kungacha, onlayn savdoning eng ommabop ko‘rinishi internet-do‘konlar hisoblanardi. Hozirda esa messenjerlardagi botlar ham bu yo‘nalishdan muhim o‘rin egallamoqda.

Deylik, tadbirkorning offlayn — odatiy, ko‘cha yoki bozorlardagi do‘koni mavjud. Agar u, ishini internetda ham boshlasa, nimalar bo‘ladi:

• Katta bino yoki savdo majmuasini qurish, ijaraga olish kerak bo‘lmaydi;
• Yaxshi loyiha va mavjud mahsulot bilan qisqa fursatda qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi;
• Ayni paytda, onlayn savdoda raqobat juda sust. Yaxshi servis bilan TOP kompaniyaga aylanib olish mumkin;
• Hududiy chegaralar yo‘q: Nafaqat tuman, balki viloyat, qo‘shni viloyatlar hamda butun Respublika bo‘ylab mijozlarni topish mumkin;
• Kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun ishlay olish;
• Onlayn savdo orqali xaridorlar vaqtining tejalishi va katta assortimentni ko‘ra olish muhim rol o‘ynaydi;
• Bunda ko‘p xodimlar ishga yollanmaydi;
• Internetdagi mahsulotlar soniga hech qanday chegara yo‘q;
• Maxsus onlayn xizmatlar yordamida ma'lum hudud uchun savdoni yo‘naltirish mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilganlar — onlayn savdoning asosiy xislatlari. Shuningdek, agar oflaynda do‘kon bo‘lmasa, uni onlaynda ochish tavakkal qilish darajasini ancha kamaytiradi. Chunki internetda do‘kon ochish va yuritishda kam mablag‘ sarflanadi.

Onlayn savdoni tashkil qilish narxi

Masalan, siz nashriyot tashkil qilib, jurnal yoki gazeta sotmoqchisiz. Buning uchun “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi”da ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘ladi va bunda eng kam ish haqining 25 barobaridagi (3.744.375,0 so‘m) to‘lovni amalga oshirasiz.
Shu nashriyotni onlaynda tashkil qilsangiz, eng kam ish haqining 25 foizi (37.443,75 so‘m) miqdorida to‘lov qilasiz. Bundan tashqari bosma ishlari uchun qurilmalarga sarflanadigan xarajatlarni ham tejab qolasiz.
Xuddi shu kabi, onlayn loyihalar qilish uchun O‘zbekistonda katta imkoniyat va chegirmalar mavjud.

Savdo qilish uchun internet platformalari va narxi

Avval ta'kidlanganidek, eng ommabop va odatiy onlayn savdo usuli — bu sayt ochish. Bunday saytlar o‘rtacha 2-3 million so‘mga tayyorlab beriladi. Hatto 500 ming so‘mga ham onlayn do‘kon qilib beradigan dasturchilarni topish mumkin. Saytdan tashqari, hozirda, rivojlanib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlar orqali ham savdoni amalga oshirish mumkin.

Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochib, onlayn savdo bilan shug‘ullanayotgan va yaxshi daromad qilayotganlarni uchratish mumkin. Ammo yirik kompaniyalarning internet orqali savdoni amalga oshirishida ijtimoiy tarmoqlar qo‘shimcha bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi paytlarda ommalashayotgan onlayn savdo platformasi esa messenjerlar. Ularda botlar qilinmoqda.

Bot — internetdagi robot. U sizning o‘rningizda savdoni amalga oshirishi, mahsulotlarni taklif qilishi mumkin. Biroq dam olmay, ovqatlanmay, maosh so‘ramay ishlaydi. Shunchaki uni tekshirib turish lozim.

Masalan, Telegram messenjerida botlar yordamida savdo qilish ancha ommalashmoqda. Shu bilan birga, dunyodagi eng ommabop Facebook ijtimoiy tarmog‘ining messenjerida ham botlar ishga tushirilgan.

So‘nggi paytlarda samarali onlayn savdoni amalga oshirayotganlar:

arba.uz
home24.uz
texnomart.uz
asaxiy.uz
hm.uz
kansler.uz
@gotaxibot (Telegram)
@bringobot (Telegram)

Bu ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin. Ammo ularning hammasi ham eng yuqori bosqichda, ya'ni juda zo‘r faoliyat olib borayapti, deb bo‘lmaydi. Biroq ularning daromadi hozircha yaxshi. Vaqt o‘tib, internetdan foydalanish yuqorilagani sari ularning ham daromadi o‘sishini oson taxmin qilish mumkin.

Jo‘jani kuzda sanaymiz.

Kelajakda ishi yaxshi bo‘lishini xohlaganlar bugundanoq harakatni boshlashgan. Bu esa maqtovga loyiq.

Onlayn to‘lov uchun yaratilgan imkoniyatlar

UzCard — onlayn plastik kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Bu sohada yetakchi kompaniya Click hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu kompaniya xizmatlaridan 2,2 milliondan ortiq O‘zbekistonliklar foydalanmoqda va bu katta raqam.

Bundan tashqari, PayMe, PayCom, UPay, MBank, WoyWoo kabi onlayn to‘lov tizimlari samalarali faoliyat olib bormoqda.

Ular bilan turli biznes vakillari hamkorlikni yo‘lga qo‘yishmoqda, foydalanuvchilari uchun qulaylik yaratishmoqda.

Ta'kidlab o‘tish joiz, MBank kompaniyasining Telegram messenjerida boti ham mavjud. Kompaniya bergan ma'lumotga ko‘ra, yaqin orada ushbu bot orqali messenjerning o‘zida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Buni esa O‘zbekiston onlayn savdosida yana bir qadam yuqoriga ko‘tarilish, deb tushunish mumkin.

Onlayn savdodagi muammolar

Katta muammoning o‘zi onlayn savdoning keng hajmda emasligi. Takliflar qancha ko‘p bo‘lsa va targ‘ibot to‘g‘ri qilinsa, unga talab ham ortishi aniq. Chunki, onlayndagi O‘zbekistonliklar soni juda ko‘p. Bu esa erkin savdoni amalga oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, ko‘pchilikda onlayn tushunchalar haqida bilimning kamligi ham katta kamchilik. Tadbirkorlarni onlayn — aynan dasturiy ta'minot bilimlari bilan tanishtirish zarur.

Bugungi kunda StartupMix loyihasi tashkil qilinmoqda. Unda onlayn biznesni yo‘lga qo‘yayotganlar o‘z loyihalari haqida so‘zlashadi. Biroq bu loyiha kichik va faqat Toshkentda o‘tkaziladi. Uni kengroq, tezroq va butun Respublika bo‘ylab tashkil qilish kerak.

Yana bir qiziq platformalardan biri — Startup Factory bo‘lib, unda onlayn loyihalarni tashkil qilishda maslahatlar beriladi. Ammo u ham yirik hajmda emas. Agar onlayn savdo loyihalari soni oshsa, undagi muammolar ham hal qilinaveradi.

“Samarqand Iqtisodiyot va Servis” instituti 
2-kurs magistranti Dilshod Umirzoqov

Ko‘proq yangiliklar: