Amerikaning Consumers Union notijorat tashkilotiga tegishli Consumer Reports jurnali MacBook noutbuklari tarixida birinchi marta o‘z o‘quvchilariga yangi noutbuk modellarini xarid qilishni tavsiya etmadi. Jurnal xodimlari noutbuklarning 3 versiyasini sinovdan o‘tkazishdi va ularning barchasida akkumulyator bilan bog‘liq muammolarga duch kelishdi. Bunga Safari brauzeri aybdor ekanligi taxmin qilinmoqda.
Consumer Reports — dunyoning eng nufuzli ekspert nashrlaridan biri. Jurnal barcha texnika vositalarini mustaqil ravishda tekshiruvdan o‘tkazadi va bu nufuzini juda qadrlaydi: u o‘z sahifalarida reklama joylashtirmaydi, texnika sinovi bo‘yicha takliflarni qabul qilmaydi - ularni o‘zi tanlaydi.
Makbuklar shu paytgacha nashr tomonidan yuqori baholab kelingan. Consumer Reports mahsulotlarni turli parametrlar bo‘yicha baholaydi, ularning eng yaxshilariga "tavsiya qilinuvchi" maqomi beriladi. Salohiyatli xaridor modellarni tekshirib o‘tirishiga to‘g‘ri kelmaydi, shunchaki "tavsiya qilinuvchi" texnikalar orasidan o‘ziga to‘g‘ri keladiganini tanlab oladi.
2016 yilning MacBook Pro'si ilk marta "tavsiya qilinuvchi" maqomini olmadi. Apple o‘zining yangi modellarini oktabr oyi oxirida namoyish qildi, Consumer Reports dekabrda yangi noutbuklar sinovini tugatdi. Jurnalda ta'kidlanishicha, noutbuklar ekran sifati va samaradorlik nuqtai nazaridan o‘zlarini "juda yaxshi" namoyon etishgan. Biroq ularning akkumulyatorlari haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Jurnal MacBook Pro'ning uch turli versiyasini sinovdan o‘tkazgan va har bir model bir necha martadan o‘tkazilgan. 13 dyuymli ekran va TouchBar'li MacBook Pro birinchi testda akkumulyatordan 16 soat ishlagan, ikkinchisida - 12,75 soat, uchinchisida esa - atigi 3,75 soat. TouchBar'siz model bir 19,5 soat natijani ko‘rsatsa, bir 4,5 soatga yetgan. 15 dyuymli MacBook Pro avval 18,5 soat, keyin esa 8 soat natijani ko‘rsatgan.
Test sinovlari Safari brauzerlarida o‘tkazildi. Consumer Reports o‘z testlarida sinalayotgan kompyuterlarning standart brauzerlarini qo‘llaydi; shu bois MacBook Pro Safari'ni qo‘llaydi.
Test quyidagicha o‘tgan: to‘liq zaryadlangan kompyuter maxsus yaratilgan Wi-Fi tarmog‘iga ulangan, ekran yorug‘ligi o‘rtacha darajaga sozlangan, shundan so‘ng kompyuterda kompaniya serveridan ketma-ket 10 veb-sahifa ochilgan. Bu holat noutbuk batareyasi quvvati qolmay, o‘chib qolgunga qadar davom etadi.
Chrome'da natijalar mutlaqo boshqa. Consumer Reports tajriba sifatida MacBook Pro'ning Google Chrome brauzerida ishlashini tekshirib ko‘rdi. Har bir model ikki martadan sinalgan va natijalar olti holatda ham yuqori bo‘lgan. Bu Apple'ning Safari energetik samarasini ta'kidlovchi fonida achinarli holat - kompaniya standart brauzer bilan ishlaganda kompyuterlarning Chrome yoki Firefox'dagiga nisbatan ikki soatga ko‘proq ishlashini ta'kidlamoqda.
Shu bilan birga jurnal Chrome'ning ustunligi haqida to‘liq xulosa qilish uchun dalillar yetarli emasligini qayd etgan. Tadqiqot natijalari so‘nggi baholarga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi, chunki Chrome — MacBook Pro'ning standart brauzeri emas.
Apple noutbuklarning bir zaryadda 10 soat ishlashiga va'da bermoqda. Korporatsiya Consumer Reports natijalariga izoh bermadi. Kompaniyada muammo aynan nimada ekanligini aniqlashtirib olish kerakligi ta'kidlandi. Jurnal kompyuterlarning tashxis ma'lumotlarini Apple'ga yetkazdi. Bunga javoban quyidagi mazmundagi xatni oldi: "Mac'ga doir savollari bo‘lgan barcha foydalanuvchilar Apple Care'ga (qo‘llab-quvvatlash markaziga) murojaat qilishlari kerak".