Facebook 19 dekabr kuni o‘z Messenger'ida guruh videochatlarining ochilishi haqida e'lon qildi. Qo‘ng‘iroq vaqtida ular selfi-niqoblar, stikerlar, emodzi va animatsiyalashtirilgan GIF-tasvirlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqida newsroom.fb.com saytida xabar berildi.
Manbaga ko‘ra, videochatga 50 nafargacha kishi qo‘shilishi mumkin, biroq foydalanuvchi o‘z suhbatdoshlarining soni 6 nafardan oshsa, ularni ko‘ra olmaydi. O‘zaro muloqot qilayotganlarning soni 6 nafardan oshmagan taqdirda, video Messenger'ning bo‘lingan ekranida aks etadi. Agar videochatdagi suhbatdoshlar soni ko‘payib ketsa, ekranda 6 nafar eng faol ishtirokchi ko‘rsatiladi.
Facebook 19 dekabrdan e'tiboran guruh videochatlari funksiyasini asta-sekin barcha foydalanuvchilar uchun joriy qiladi.
Ta'kidlash joizki, Messenger foydalanuvchilari orasida videoqo‘ng‘iroqlar 2015 yilning aprelida paydo bo‘lgandi. Facebook ma'lumotlariga ko‘ra, bir oyda 245 million foydalanuvchi Messenger'ning videoqo‘ng‘iroq funksiyasidan foydalanadi.
Guruh videochatlarining ishga tushirilishi Facebook'ni Skype va Google Hangouts, Snapchat, FaceTime, Slack, Google Duo va HouseParty servislariga raqobatchi qiladi.