«Korea Future Technology» kompaniyasi inson harakati orqali boshqariluvchi og‘ir robot prototipini yaratdi. Robotni ishlab chiqish jarayonida ishtirok etgan 3D-rassom Vitaliy Bulgarov o‘zining Facebook'dagi sahifasida shu haqida ma'lum qildi.
Vitaliy Bulgarov bundan avval Transformerlar, Terminator filmlari hamda Starcraft 2 va World of Warcraft kompyuter o‘yinlari uchun 3D-modellarni yaratgan. Keyinchalik uni robot dizayni va erogonomikasi ustida ishlashga taklif qilishdi.
Loyihaning asosiy vazifasi — sanoatda amaliy qo‘llash uchun robotlashtirilgan platformani yaratish. Robotning aynan qaysi sohalarda qo‘llanilishi hozircha noma'lum. Bulgarovning so‘zlariga ko‘ra, u yangi loyihaga oid tafsilotlar bilan bo‘lisha olmaydi. Hozirga qadar robotning oldinga harakatlanib, qo‘llarini qimirlata olishigina ma'lum.
Bunday turdagi robotlar yapon filmlari, o‘yinlari va komikslarida juda mashhur.