O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri chorrahalarida taymerli svetoforlar o‘rnatiladi. Shahar hokimiyat idoralarining ushbu tashabbusi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ijobiy qarashlariga sabab bo‘ldi. Ularning ayrimlari, shuningdek, tungi vaqtlarda ko‘chalarni yoritish ishlari ham takomillashtirilsa, yaxshi bo‘lishi haqida fikrlar bildirishgan. Chunki, oddiy bo‘yoq bilan chizilgani sabab, yo‘llardagi chiziqlar qorong‘u vaqtda deyarli umuman ko‘rinmaydi.
Shunday qilib, kelasi yildan, shahar chorrahalarida raqamli taymerlar bilan jihozlangan svetoforlar o‘rnatish boshlanadi, deb xabar qilmoqda Sputnik agentligi.
Ushbu qaror poytaxt chorrahalarida vujudga keladigan va ko‘p hollarda jiddiy YTHga sabab bo‘luvchi og‘ir vaziyatni hal etishga qaratilgan. Aksariyat holatlarda haydovchilarning yo‘l qoidalariga bepisandligi shunday ayanchli hodisalarga sabab bo‘ladi. Xususan, bugungi kunda, svetoforning "sariq chirog‘i" harakatlanishga taqiq sifatida qabul qilinmaydi, aksincha, "qizil" yonguncha o‘tib olish imkoniyatidek baholanadi.
Bundan tashqari, sabrsiz haydovchilar, qonunga rioya qilmoqchi bo‘lgan va "yashil chiroq"da harakatlanishni kutib turgan avtomobil egalarini signal chalish bilan "sariq"da harakatlanishga majbur qilishi ham bor gap.
Yangi svetoforlarni o‘rnatish haqidagi xabarni O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, haydovchilardan birining O‘zbekiston Bosh vaziri virtual qabulxonasiga yo‘llagan murojaatiga javob berish bilan tasdiqlagan. Biroq boshqarma bu borada belgilangan rejalarga oydinlik kiritmagan.
Qayd etish joizki, bu turdagi svetoforlarni o‘rnatishga avval ham urinib ko‘rilgan, biroq bir necha oydan so‘ng, ular o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, respublikaning boshqa qator hududlarida bu kabi svetoforlar o‘zlarining foydali ekanini isbotlab bo‘lishgan.