2017 yil fevral oyida RM Sothebyʼs kimoshdi savdo uyi tarixdagi birinchi Porsche 911 kabrioletini sotuvga qo‘yadi. Bu 911 original modelining 13ta prototipidan biri bo‘lib, tomi ochiladigan yagona namunasidir.
Birinchi avlod 911 prototiplari 1901 yildan turli avtomobil qismlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanib keluvchi Karmann kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Seriyadagi yagona kabriolet «13360» raqamli shassiga ega bo‘lgan va kelgusida 1967 yili taqdim etilgan 911 Targa modeliga asos bo‘lgan. 911 Cabriolet, o‘z navbatida 1982 yildan boshlab seriyali tarzda ishlab chiqarila boshlangan.
3 nafar kolleksionerlar qo‘lida bo‘lgan avtomobil ko‘plab original qismlarini saqlab qolgan va keng qamrovli restavratsiyadan o‘tmagan. Yangilangan jihatlari sifatida g‘ildirak disklari va o‘rindiqlarning charm bilan qoplanganini qayd etish mumkin. Tashqi ko‘rinishining 80 foizi originalligini saqlab qolgan.
Uning 2.0 litr hajmli, olti silindrli 130 ot kuchiga ega motori ham ishlaydi. Avtomobil uchun savdolar 8 fevral kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Uning taxmin qilinayotgan narxi 850 mingdan 1 mln yevrogachadir.